“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (4-qism)

OSON YO‘L
Bu kitobning maqsadi sizda xuddi dahshatli kasallikdan xalos bo‘lgandagi kabi kayfiyatni paydo qilish. “Oson yo‘l” va chekishni tashlashning boshqa usullari o‘rtasidagi farq ham ana shunda. Chekishni tashlashga Everest cho‘qqisiga intilgandek intilib, bir necha haftadan keyin xumordan qiynalmasligingiz va atrofdagi chekuvchilarga mo‘ltirab qaramasligingiz kerak. “Oson yo‘l”dan foydalana boshlagach, tez orada sigaretaga qanday toqat qilib kelganingizga hayron bo‘lasiz. Boshqa chekuvchilarga havas bilan emas, achinib qaraydigan bo‘lasiz. Garchand g‘alati tuyulsa-da, aytib qo‘yay – kitobni oxirigacha o‘qimagunga qa­dar chekishni tashlamay turing, bu juda muhim. Keyinroq esa sigareta sizga hech narsa bermasligini, albatta, tushuntirib o‘taman. Hozircha bitta gap esingizda tursin – sigareta biz usiz qolganimizdagina qadrli bo‘ladi.
Keling, tan olaylik: sizga yoqadimi-yo‘qmi, bilasizki, “ilmoq”qa ilingansiz. Ana shu “ilmoq”qa ishona boshlaganingizdan e’tiboran sigaretasiz turolmaydigan bo‘lib qolgansiz. Shuning uchun kitobni o‘qib tugatmaguncha chekishni tashlashga urinmang. Mutolaa davomida chekishga bo‘lgan ishtiyoq kamayishi mumkin, biroq shoshqaloqlik qilish yaramaydi. Sizdan talab qilinadigan narsa – ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish.
Ushbu kitob ilk marotaba nashr qilinganida kashanda do‘stlarimga bittadan tarqatib chiqdim. Bu dunyodagi eng zerikarli kitob bo‘lsa-da, uni men yozganim uchun o‘qib chiqishlariga ishonar edim. Bir necha oydan keyin ular kitobni hatto varaqlab ko‘rishmaganini bilib qoldim, eng yaqin do‘stim esa o‘zinikini birovga sovg‘a qilib yuboribdi. Tabiiyki, men xafa bo‘ldim,biroqo‘sha paytda kashandalarni chekishni tashlashdan qaytarib turuvchi qo‘rquvga ko‘p-da ahamiyat bermagan ekanman. Vaholanki, bu qo‘rquv har qanday do‘stlikdan ham kuchliroq.
Kunlarning birida onam xotinimga shunday debdi: “Eringni, chekishni tashlamasang, seni tashlab ketaman, deb qo‘rqitib qo‘ysang-chi”. Xotinim o‘ylab o‘tirmayoq javob qaytargan: “U meni emas, sigaretani tanlashi aniq”. Uyat bo‘lsa ham tan olaman: u haq edi, chunki sigaretadan ayrilish haqidagi qo‘rquv shunchalar kuchli. Men endi ayrimlar nima uchun kitobni oxirigacha o‘qimasligini bilaman: shunday qilishsa, chekishni tashlashga to‘g‘ri kelishini fahm­lab qolishadi. Ba’zi kashandalarni qo‘llarini bog‘lab qo‘yib “Oson yo‘l”ni o‘qishga majburlashganini eshitganman. Iltimos, vaziyatga boshqacharoq nazar tashlang: siz nimadan mahrum bo‘lasiz? Unutmang, chekishni tashlab, HЕCh NARSANI YO‘QOTMAYSIZ, QO‘LGA KIRITADIGAN NARSALARINGIZ ESA JUDA KO‘P!
Bir necha kun yoki hafta davomida chekmagan bo‘lsangizu, mutolaa paytida kim ekaningizni – chekuvchimi, sobiq chekuvchimi yoki chekmaydigan odammi – bilishga qiynalsangiz, yaxshisi, chekmaslikka harakat qiling. Aslida, siz chekmaydigan odamga aylangansiz. Endi qilishimiz kerak bo‘lgan ish ongingiz va tanangizni murosaga keltirish. Kitobni o‘qib bo‘lgach esa chekmaydigan baxtli odamlar safidan o‘rin olasiz.
“Oson yo‘l” chekishni tashlashga bag‘ishlangan boshqa usullarga tamomila zid. Ularda chekishning zararlari birma-bir uqtiriladi va kishi o‘zini o‘zi ishontirishi kerak: “Sigaretasiz qanchalik uzoq chidab bersam, chekishga bo‘lgan istak o‘tib ketadi. Ana o‘shanda nikotinga qaramlikdan qutulaman va yana hayotdan lazzatlanib yashay boshlayman”.
Har kuni minglab kashandalar shunga o‘xshash usullar yordamida chekishni tashlaydi. Ammo quyidagi sabablarga ko‘ra ularning muvaffaqiyatga erishishi juda qi­yin:
Haqiqiy muammo chekishni tash­lash muammosi emas.Kunlarning birida asosli sabablarni ro‘kach qilib: “Men endi chekmayman!”deyishingiz mumkin. Bunday sabablari har bir chekuvchida bor va ular siz o‘ylagandan ko‘ra zalvorliroq. Ammo ha­qi­qiy muammo aslida boshqa: ojizlik, zafar yoki shunchaki mastlik holatida bitta sigaretani labga qistirgancha tutun yuta boshlagansiz. Chekish ma’­lum ma’noda giyohvandlik bo‘lgani uchun yana chekkingiz keladi va shu tariqa kutilmaganda kashandaga aylanasiz.
Sog‘lig‘imiz haqida qayg‘urish bizni chekishdan to‘xtatib qolishi kerak edi. Ongimiz: “Chekishni tashla, ahmoq!” deydi, holbuki, bu narsa tobora qiyin bo‘lib boraveradi. Chekuvchilarga chekish ularni o‘ldirishini aytib ko‘ring-a, ular qiladigan birinchi ish sigareta tutatish bo‘ladi.
Kashanda uchun chekishni tashlash qurbonlik qilishday gap: u “kichik do‘sti”, suyanchig‘i, lazzatidan ayriladi. Qolaversa, bizni chekishga undaydigan sabablar chekishni tashlashimiz kerak bo‘lgan sabablardan farq qiladi. Eng asosiy savol shunday: “Biz nima uchun chekamiz?”
Keling, “Oson yo‘l” bo‘yicha ish tutib, chekishni tashlashimiz kerakligi uqtiriladigan sabablarni unutamiz va masalaga umumiy nazar tashlab, o‘zimizga quyidagi savollarni beramiz:

Chekish menga nima beradi?

Men chindan ham chekishdan lazzat olamanmi?

Nahotki bo‘g‘ilib, nafasim qisilib qolishim uchun jaraq-jaraq pul sarflasam?

Sizga yetkazishim kerak bo‘lgan mujda shuki, chekish sizga mutlaqo hech narsa bermaydi. Ya’ni chekishning hech qanday afzalligi yo‘q.

Chekuvchilarning aksariyati o‘zining bu odatiga oqilona izoh berishni istaydi, biroq ularning gap-so‘zlari yanglish fikr va puch xayollardan iborat.

Demak, qiladigan birinchi ishimiz ana shu noto‘g‘ri o‘ylarga bar­ham berish.

Mazkur kitobning elektron ko’rinishini tayyorlagan Tib.uz sayti xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz!