4.8
(4)

Men uchratgan eng mushkul nikotin asirligi

To‘g‘ri, men vrach ham, psixiatr ham emasman, lekin bizni qiziqtiradigan sohada professional hisoblanaman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Naq o‘ttiz yil ashaddiy kashanda sifatida yashadim. Chekishni tashlashdan oldingi oxirgi yillarda kuniga oltmishtalab, ba’zan esa yuztagacha sigareta chekardim.

Hayotim davomida juda ko‘p marotaba chekishni tashlashga urinib ko‘rdim. Hatto bir marta olti oy mobaynida umuman chekmadim, lekin tamaki isini tuyish ilinjida chekayotganlarga yaqinlashar, haligacha chekuvchilarga mo‘ljallangan vagonda sayohat qilardim.

Chekish meni halokat sari yetaklayotgan edi. Bosh og‘rig‘i bir zumga bo‘lsa-da, tark etmas, tinimsiz yo‘talardim. Kutilmagan lahzada tomirlarim yorilib, miyamga qon quyilishiga yuz foiz ishonchim komil edi. Biroq bu xavotirlarning hech biri meni chekishdan to‘xtatib qololmasdi.

Alal-oqibat chekishni tashlashga harakat qilmay qo‘ydim. Yo‘q, boshqa kashandalar ishonganidek chekishdan lazzat olmasdim, menga hech qachon sigaretaning ta’mi va hidi yoqmagan. Lekin chekish bo‘shashishimga yordam beradi, deb hisoblardim. Sigareta sabab o‘zimga bo‘lgan ishonch kuchayar, chekishni tashlashni niyat qilsam, go‘yo baxtsizlik girdobiga tushib qolgandek sezardim o‘zimni.

Kunlarning birida xotinim meni gipnoterapevt huzuriga jo‘­natdi. E’tirof etishim kerakki, gipnoz haqida deyarli hech narsa bilmasamham, muolajaning bu turiga nisbatan shub­halarim bisyor edi.

Gipnoterapevt qo‘llarimni ko‘tarishga va turli-tuman harakatlarni bajarishga majburladi. Unga umuman qarshilik ko‘rsatmadim, chunki aksar kashandalar singari men ham chekishni tashlashni xohlar edim. Oqibatda esa kutganlarimdan birortasi ham sodir bo‘lmadi: men o‘zimdan ketib qolmadim, es-hushimdan ayrilmadim. Lekin aynan ana shu seansdan keyin sigaretadan batamom qutuldim. Aytishim kerakki, bu voqea gipnoterapevt bilan uchrashuv tufayli emas, aksincha, unga xilof ravishda yuz berdi. Ayni paytda gipno­terapiya ustidan mag‘zava ag‘darmoqchi emasman, sababi undan o‘zim ham ishimda foydalanib turaman. Gipnoterapiya – ishontirishning kuchli vositasi, u foyda keltirishi barobarida zararga xizmat qilishi mumkinligiga shak-shub­ha yo‘q. Shuning uchun gipnoterapevtga murojaat etishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” asari muallifi haqida

Men kashandalikka mahkum bo‘lgan dahshatli yillarda hayotim sigaretaga bog‘liq deb o‘ylardim. Chekishdan voz kechgandan ko‘ra o‘limni tanlash men uchun afzal edi. Hozir allanechuk kuchli og‘riqlardan qiynalib-qiynalmasligimni juda ko‘p so‘rashadi. Javobim bitta – hech qanday og‘riq yo‘q! Eng muhimi, qullarga xos qaramlikdan, vujudimni zaharlab, cho‘ntagimni quritib kelgan ofatdan xalos bo‘ldim.

Men sehrlarga ham, saxovatli parilarga ham ishonmayman. Lekin chekishni tashlaganimni faqatgina mo‘’jiza deb atash mumkin. Erinmasdan gipnoz va chekish mavzusiga bag‘ishlangan qanchadan-qancha kitobni o‘qib chiqdim, ammo ularda men bilan sodir bo‘lgan hodisani izohlab beruvchi biror satr uchratmadim. Chekishni tashlash kulgili darajada oson ekan, nima uchun avvallari sigaretadan qutulishga urinib, haftalab depressiyadan azob chekardim?

Bu savolga javob topish uchun ancha-muncha vaqt sarflashimga to‘g‘­ri keldi. Chunki men masalaga no­to‘g‘ri yondoshgan ekanman: chekishni tashlash nega bunchalik osonligini o‘ylayveribmanu, asosiy masala – kashandalarni chekishni tashlashdan to‘suvchi asosiy sabablar haqida bosh qotirmabman. Kashandalar chekishni tashlagandan keyin kuchli qiynoqlarga duchor bo‘lishgani ha­qida gapirishadi. Vaholanki, o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda komil ishonch bilan aytaman: men qo‘rqinchli azoblardan qiynalganim yo‘q. Jismim hech qanday og‘riqni sezmagan. Nimaiki sodir bo‘lgan bo‘lsa, ongimda kechgan.

Ayni paytda odamlarga kashandalikdan qutulishlariga yor­damlashish bilan bandman. Asosiysi, bu ishni uddalayapman, ming­lab chekuvchilarni davoladim. Shu o‘rinda ta’kidlashim kerak: tuzatib bo‘lmaydigan kashanda yo‘q. Hozirga qadar chekishga menchalik o‘rgangan odamni uchratmadim. Har qanday odam nafaqat chekishni tashlashi, balki buning juda osonligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Aslida bizni chekishga undaydigan narsa qo‘rquvdir: sigaretasiz hayo­timiz to‘laqonli bo‘lmasligini va juda kerakli nimadandir qu­ruq qolishni o‘ylab qo‘rqamiz. Ishonavering, chekishni tashlaganingizdan keyin esa o‘zingizga savol berasiz: “Nima uchun shunchalar uzoq vaqt chekkan ekanman-a?”

Endi sizni ogohlantirishimga ruxsat bergaysiz. “Oson yo‘l” bilan chekishni tashlashga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchrashning faqatgina ikkita sababi bor:

Ushbu maqolani ham o‘qing:  “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (4-qism)

Ko‘rsatmalarni bajara olmaslik. Ba’zilarga men beradigan qat’iy tavsiyalar hecham yoqmaydi. Masalan, muolaja davomida sigaretalar yoki nikotin o‘rnini bosuvchi vositalar sonini kamaytirmaslikni talab qilaman. Bunchalik qat’iyligimning sababi o‘z ishimni yaxshi bilishimdir. Maqsadim bitta – chekishni tashlashning oson yo‘lini ta’minlash.

Tushuna olmaslik. Hamma narsani ham to‘g‘ri deb qabul qilavermang. Mening chekish bilan bog‘liq gaplarimni shubha ostiga olarkansiz, o‘z qarashlaringizni-da tahlildan o‘tkazing. Aytaylik, chekishni shunchaki odat deb o‘ylaydiganlar o‘zlariga savol berib ko‘rishsin: hatto eng yoqimli odatni ham tark etish mumkinu, nega endi odamni o‘lim sari yetaklaydigan chekishdan voz kechish shunchalik qiyin?

© Allen Karr.
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi.
Tib.uz