El sog‘ligi — yurt boyligi

Chaqaloq ko‘p yig‘lashiga sabab nima?

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda yig‘lash refleksi tabiiy hisoblanadi. Faqat qorni ochganda, tagi ho‘l bo‘lganda, uyqusi kelganida chaqaloqning yig‘lashi me’yoriy holatdir.

Ammo ayrim hollarda chaqaloqlarning qorni to‘ymasligi, ich qotishi va qorni og‘rishi ham uning ko‘p yig‘lashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Chaqaloq ko‘p yig‘lasa, xavfsirash asoslimi?

Yangi chaqaloqning haddan ziyod ko‘p yig‘lashi boshqa jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Go‘dak tug‘ilgandan so‘ng ayrim sabablarga ko‘ra paydo bo‘luvchi bosh miya ichki bosimi kasalligi va boshqa xastaliklar yuzaga kelish ehtimoli yuqori. Chaqaloqni 10 daqiqadan ortiq yig‘lashi miyada qon aylanishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bu holat esa keyinchalik jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bola yig‘laganda ona imkon qadar uni tezroq tinchlantirishga harakat qilishi lozim. Asosan bosh miya ichki bosimi kasalligi bilan tug‘ilgan chaqaloqlar orasida ko‘p yig‘lash kuzatiladi. Shuningdek, raxit kasalligi rivojlanayotgan pallada ham bolada ko‘p bezovtalik bo‘lishi mumkin. Buning asosiy sabablardan biri haqida biroz to‘xtalmoqchimiz.

Epidemiologik ma’lumotlarga ko‘ra homilador ayollarning ko‘pchiligi orasida homiladorlik davridagi kasalliklar va uning asoratlari onaning turmush tarzi yaxshi emasligidan kelib chiqadi. «Homiladorlikdagi xavfli omillar» so‘zi shundan kelib chiqqan.

Homiladorlikdagi xavfli omillar

Quyidagi omillar chaqaloqning ko‘p bezovtalanishi, haddan ortiq ko‘p yig‘lashiga sabab bo‘lishi mumkin. Ya’ni:

– Onaning boshidan o‘tkazgan kasalliklari, turli infeksion kasalliklarga chalinganligi, ayniqsa, u qizilcha, sil, qizamiq, tepki, suvchechak xastaliklari bilan og‘rigan bo‘lsa. Shu bilan birga irsiy kasalliklardan – gemofiliya, qandli diabet, ruhiy-asab va suyak-bo‘g‘im kasalliklari bilan og‘rigan ayollar farzandida yig‘loqilik ko‘p kuzatiladi.

Yana onaning oilaviy sharoiti va jismoniy sog‘lom o‘sganligi hamda bolaning otasi haqida ma’lumotlar yig‘ishga harakat qilinadi.

Chaqaloqlardagi yig‘loqilik, cho‘chish, qo‘rquv kuzatilgan vaqt­da ko‘pincha onalardan go‘dakning nechanchi homiladorlik davrida tug‘ilganligi va tug‘ruqning qanday kechganligi, ona ayrim homiladorlikni sun’iy to‘xtatganmi-yo‘qmi (ya’ni, abort haqida) so‘rab-surishtiriladi. Shuningdek, oiladagi boshqa bolalarda kuzatilgan kasalliklar, onada asab kasalliklari bor-yo‘qligi, kun tartibiga qay darajada rioya qilishi va to‘g‘ri ovqatlanishi haqida so‘raladi.

Tug‘ruq davrida bolaning kindik o‘qiga o‘ralishi va tug‘ruq jarayoni og‘ir kechganida, uzoq davom etishi ham chaqaloqlarda ko‘p yig‘lashga sabab bo‘lishi mumkin.

Bir donishmanddan «Qaysi ayol eng chiroyli ayol?» – deb so‘raganlarida, u «Eng chiroyli ayol — bu homilador ayoldir», deb javob bergan ekan. Shunday ekan doimo homilador ayollarimizni asrab-avaylashimiz, ardoqlashimiz, mehr ko‘rsatishimiz kerak. Zero, «Sog‘lom avlod – sog‘lom kelajakdir».

Ushbu maqolani ham o‘qing: Chaqaloq ko‘p yig‘lasa, nima qilish kerak? 

© Feruza Jabborova, neonatolog.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *