Burun plastikasi – rinoplastika

Burun estetik ma’noda yuz arxitekturasining markazi deb hisoblanadi va yuzning boshqa elementlari bilan ma’lum nisbatlarda insonning go‘zal chehrasini hosil qiladi. Estetik rinoplastika – bu burunni plastik usulida aynan individual yuzga xos bo‘lgan proporsiyalari bilan balansga keltirish maqsadida bajariladigan operatsiya. Mazkur amaliyot estetik operatsiyalar qatorida texnik tarafdan eng murakkab deb hisoblanishi bejiz emas. Buning sababi shundaki, burun murakkab uch o‘lchamli tuzilishga ega, bundan tashqari jarroh hamisha funksional tomon haqida ham, yani burun avvalo – bu nafas olish a’zosi bo‘lganini unutmasligi lozim.

Rinoplastika kim uchun mo‘ljallangan?

Ko‘rikda bemor jarrohga o‘z burnini ko‘pincha quyidagicha ifodalab beradi: burunni uchi keng, «tumshuqsimon» shaklda, burunda «do‘ng» bor, «yassi» burun va hokazo. Burun shaklining korreksiyasi juda ham ko‘zga tashlanadigan estetik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bemordan “nihoyat burni o‘z ko‘nglidagiday» bo‘lganini eshitish va shu bilan birga quvonchini kuzatish – bu jarroh hayotida eng unutilmas lavhadir.

Rinoplastika turlari

Rinoplastikaning ikki turi mavjud: ochiq va yopiq.
Ochiq usulning ustunligi – bu ko‘proq prognoz qilsa bo‘ladigan natijaga ega bo‘lish imkoniyatidir, lekin reabilitatsiya davri uzoqroq davom etadi.

Yopiq usulning ustunligi – bu tashqi chandiqning umuman bilinmasligidir.
Operatsiya usuli o‘z navbatida jarroh tomonidan belgilanadi. Burun kengligini korreksiya qilish maqsadida osteotomiya bajariladi, yani burun suyaklari kesilib yangi shaklga keltiriladi. Shuni unutmaslik kerak, osteotomiya o‘z navbatida tiklanish davomiyligiga ham ta’sirini ko‘rsatadi.

Bemor uchun foydali ma’lumotlar

Bir qator klinik tahlillar va ba’zan instrumental tekshiruvlardan so‘ng amaliyot o‘tkazish masalasida bir qarorga kelish mumkin.
Amaliyotdan 2 hafta oldin chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan voz kechmoq lozim. Amaliyotdan so‘ng bir hafta davomida burun gipsli bog‘lamidan foydalanish kerak bo‘ladi. Burun plastikasi ko‘pincha umumiy og‘riqsizlantirish yani umumiy narkoz yordamida o‘tkaziladi. Rinoplastika operatsiyasi odatda 2 soat atrofida davom etadi. Har qanday jarrohlik amaliyot kabi rinoplastikadan so‘ng asoratlar kelib chiqish ehtimoli ham holi emas.

Bemorlar ko‘pincha chandiqlar qolishi haqida savol berishadi. Odatda chandiqlar tashqaridan ko‘rinmas bo‘ladi, faqat ochiq rinoplastikadan so‘ng kolumellada kichik ko‘ndalang chandiq qoladi.

Kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlar:

  • Shishlar amaliyotdan keyin kuzatiladigan holat bo‘lib, bir necha oy davomida saqlanadi va asta-sekin qaytib ketadi.
  • Operatsiyadan so‘ng ko‘zlar atrofidagi yumshoq to‘qimalarning ko‘k rangda bo‘lishi (burun suyakli qismi korreksiya qilinganida).
  • Amaliyotdan so‘nggi chandiqlar burun qanotlari tagida qolgani uchun tashqaridan ko‘rinmaydi.
  • Burun uchini sezuvchanligi kamayishi yoki yo‘qolib ketishi vaqt utishi bilan normallashadi.
  • Qon ketishi (kam kuzatiladi).
  • Infeksion asoratlar (kam kuzatiladi).

Amaliyotdan so‘nggi davr

Burun nafasi tiklanganidan so‘ng bemorning ahvoli ancha yengillashadi. Operatsiyadan keyin birinchi kunlar ichida bemor statsionar davo olishi lozim. Bemorning umumiy ahvoli stabillashganidan so‘ng va jarohat sohasi qoniqarli holatga kelganida bemor davo olishni o‘yida davom ettirsa ham bo‘ladi. Amaliyotdan so‘ng birinchi kunlarda bemor yotog‘ining bosh tomonini balandroq holatda bo‘lishi tavsiya qilinadi. Bundan tashqari butun reabilitatsiya davrda bemor uyqu paytida bexosdan burunga shikast yetqazmasligi uchun tepa tomonga qarab yotishi tavsiya qilinadi. Jarohatdan choklar odatda 2 haftadan keyin olinadi. Bir necha oy davomida bemor jismoniy zo‘riqishdan chetlatiladi.

Burun plastikasidan so‘ng to‘qimalarning to‘liq tiklanishi 12 oygacha davom etishi mumkin. Rinoplastikadan so‘ng quyidagi maslahatlar foydali bo‘lishi mumkin:

  1. Operatsiya bo‘lgan sohaga bexosdan shikast yetkashni oldini olish uchun jismoniy faollikdan kamida 2 oy davomida voz kechish lozim.
  2. Suzish bilan 1 oy davomida shug‘ullanish mumkin emas.
  3. Kamida 2 hafta davomida burunni qoqish mumkin emas.
  4. Chaynash qiyin bo‘lgan ovqatdan voz kechish lozim. Yumshoq bo‘lgan taomlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
  5. Qattiq kulish mumkin emas.
  6. Ustki lab va burun pastki qismi o‘zaro bog‘langan bo‘lgani tufayli tish tozalash paytida faol harakatlarni qilmaslik tavsiya qilinadi.
  7. Ustki kiyimni boshdan yechilishi mumkin emas.
  8. Kamida 1 oy davomida qo‘z oynak taqish tavsiya qilinmaydi.
  9. Quyosh nurlaridan yuz terisini kamida 3 oy davomida himoyalash lozim.
  10. Amaliyotdan 2 hafta oldin va keyin chekish mumkin emas.

Maslahatlarga rioya qilish bemor uchun rinoplastika operatsiyadan keyingi davrni nisbatan yengil kechishiga yordam beradi.

Qanday holatlarda rinoplastika mumkin emas?

Rinoplastika operatsiyasi quyidagi holatlarda tavsiya qilinmaydi:

  • Infeksion kasalliklar aniqlangan holatlarda;
  • Og‘ir somatik patologiya aniqlangan holatlarda;
  • Endokrin tizimining kasalliklari aniqlangan holatlarda;
  • Qon ivishi buzulishida;
  • Qandli diabet kasalligida;
  • Menstrual sikl paytida;
  • Atrofik rinit alomatlari aniqlan holatlarda;
  • 18 yoshga to‘lmagan bemorlarda.

 

Maqola muallifi plastik jarroh Alohanov Laziz Bahodirovich. Maqola muallifiga savollaringiz bo‘lsa, saytimizning «Savol-javob» bo‘limida yoki ushbu maqola ostiga izoh shaklida yozib qoldiring. Plastik jarroh bilan bevosita dr.alohanov@esthetic.uz e-maili orqali bog‘lanishingiz mumkin.

1 ta savol

  1. Assalomu aleykum Allohonov Lazizaka. Plastik jarrohlikni turi juda kõp ekan. Shu bilan birga ayollar jinsiy a’zosi plastik jarrohligi ham bor ekan. Agar iloji bõlsa shu haqida ham ma’lumot bersangiz

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*