4.1
(15)

Hayotimizning biron sohasi yo‘qki, u haqida sizning o‘z qarash va xulosalaringiz bo‘lmasa. Bu qarashlar bolalikdan paydo bo‘lib, butun umrga amal qiladi. Biz allaqachon shakllanib bo‘lgan qarashlarimiz haqida kamdan-kam shubhalanamiz. Tabiiyki, biz ularga ishonamiz, bo‘lmasa ularning nima keragi bor? Bizga pul ishlab topish qiyin tuyuladi, haqiqatda ham shunday. O‘zini hech narsaga arzimaydigan deb hisoblagan odam haqiqatda qadrsizdir. Agar hayot bema’ni desak, u rostdanam shunday bo‘ladi. Inson o‘z qarashlaridan tashqari hamma narsaga shubha va xavotir bilan qaraydi.

Nimaga ishonsangiz, shuni olasiz

Ko‘pchilik fikrini o‘zi bilib-bilmagan holda o‘ziga qarshi ishlatadi. Muammolaringizni diqqat bilan tahlil qilsangiz, ularning aksariyati noto‘g‘ri yoki cheklangan qarashlaringizdan kelib chiqqanini anglaysiz. Shu sabab agar odamlar bilan munosabatga kirishishda qiynalsangiz, bu munosabatga bo‘lgan fikringizni o‘ylab ko‘ring. Qarashlarningizni qayta ko‘rib chiqing. Sog‘lik bilan, pul bilan muammoga to‘qnash kelaversangiz, demak, sog‘lik va pul haqida nima fikrda ekanligingizni yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

Bir kuni ma’ruza o‘qib bo‘lganimdan keyin yonimga bir odam kelib, sekin ovozda maoshi kam ekanini aytdi. U oilasini va o‘zini ta’minlay oladi, ammo undan ortig‘iga qurbi yetmaydi. «Hech qachon yetarlicha pulim bo‘lmaydi», – deb yelkasini qisdi. U odamlarga qo‘shilishning iloji yo‘q».

«Hech qachon yetarlicha pulim yo‘q» va «Odamlarga qo‘shilishning hech iloji yo‘q» degan ikki salbiy fikr uning ongiga chuqur o‘rnashib olib, doim unga ta’sir etadi va oqibat u o‘z-o‘ziga shunday hayot yaratib oladi. Men unga puldan tashqari boshqa narsalar haqida ham yomon fikrda ekanligini aytdim. Chunki tajribalardan ma’lumki, aksariyat salbiy fikrlar o‘ziga o‘xshagan qarashlar, hayollarni ergashtirib yuradi. Men u kishidan pul va omad haqida qanday fikrda ekanini bilmoqchi bo‘ldim. Ro‘yxatni olgach, uning pul topishiga to‘sqinlik qiluvchi bir qator buzg‘unchi fikrlari bor ekan: «Agar men kimdandir qarz olsam, qarz bergan kishi tiyinni tiyinga ulashiga to‘g‘ri keladi», «Serdaromad joylarning bari egallab olingan», «Pul topish qiyin», «Omadli odamlarning bari xudbin, men bunday bo‘lishni istamayman». Diqqat qiling, insonni qanchalik kamsituvchi va uni chegaralovchi qarashlar!

Bu odamning iqtisodiy jihatdan omadsizligi ajablanarli emas, chunki u yaxshi maosh oladigan joyda ishlasam xudbin bo‘lib qolaman, boshqalarga halaqit beraman degan fikr bilan o‘z ongiga qarshi kurashib kelgan.

Yana bir ma’ruzam paytida boshi kasallikdan chiqmaydigan ayol ichidagini to‘kib soldi: «Hamma joyim og‘riydi. Atrof-muhit mikroblarga to‘la. Shunchalik nozikmanki, kasalligim sog‘ligimga nisbatan kuchliroq». Hayriyatki, hayotsevar va toza qarashlarni ongiga singdirib ayol vaqtida sog‘ligini tiklab oldi.

Siz botiniy ongingizning maqsadidan doim boxabar bo‘lishingiz, u haqida g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak. Agar ongingizga qandaydir notinch, salbiy, chegaralangan g‘oya o‘rnashib olsa, ong uni haqiqat deb qabul qiladi va shunga moslashib ishlaydi, ya’ni hayotda ana shu qarashlarni amalga oshirish choralarini izlaydi. Kambag‘allik, omadsizlik, baxtsizlikning muqarrarligiga ishonsangiz, botiniy ong butun kuchi, minglab usulini qo‘llab bu ishonchning ro‘yobga chiqishi uchun harakat qiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ochlik tez qarishga yo‘l qo‘ymaydi ( 19-qism )

Ilon yutganmisiz?

Xo‘jayinining oldiga ish bilan yuborilgan nodon dehqon haqida qadimiy rivoyat bor:

Boy xo‘jayin dehqonni uyiga olib kirib oldiga sho‘rva qo‘yibdi. Dehqon qoshiqni olib shunday idishga qarasa, sho‘rva ichida kichkina ilon yotganmish. Xo‘jayinini ranjitmaslik uchun dehqon bir ilojini qilib sho‘rvani ichibdi. Bir necha kundan so‘ng dehqon qattiq kasal bo‘lib, xo‘jayinning uyiga qaytishga majbur bo‘libdi. Boy uni yana uyiga olib kirib piyolada dori beribdi. Doridan xo‘plamoqchi bo‘lgan dehqonning ko‘zi piyola tagida yotgan ilonchaga tushibdi. Bu safar u andishani yig‘ishtirib bor gapni aytib beribdi. Bu gapga xo‘jayini xoxolab kulib uyning shiftida osilib turgan katta piyoz bog‘lamiga ishora qilibdi: «Sen piyolada piyozning aksini ko‘rayapsan, hech qanaqa ilon yo‘q».

Dehqon yaxshilab qarasa, piyoladagi ilon emas, piyozning aksi ekan.

Xijolat bo‘lgan dehqon piyoladagi dorini ham ichmay boyning uyidan chiqib ketib, bir kundan keyin tuzalibdi.

Asossiz ko‘rquvni ongimizga singdirib, biz ham o‘sha dehqonning vosvos holatiga tushib qolamiz. Va bu haqiqat toki uning teskarisiga ishonch hosil qilmagunimizgacha bizga ta’sir o‘tkazaveradi.

Botiniy ong qandaydir fikrni qabul qildimi, bas, u to‘g‘ri-noto‘g‘riligidan qat’i nazar shu ishonchni oqlovchi fikrlarni ishlab chiqaraveradi. Aytaylik, siz qaysidir ayol yo erkak bilan munosabat o‘rnatish oson emas, deb o‘ylaysiz. Ongingizga o‘rnashib olgan bu ishonch mana bunday fikrlar bilan miyani to‘ldira boshlaydi: «Men hech qachon o‘zimga yoqadigan odamni uchrata olmayman», «Munosib hamrohni topish mumkin emas», «Munosabat turg‘un bo‘lmaydi, u doim o‘zgaruvchan» va hokazo. Ana endi o‘zingizga juda yoqadigan insonni uchratsangiz ham miyangiz: «Bu odam men orzu qilgandek yaxshi bo‘lmasa kerak», «Ovora bo‘lishgayam arzimaydi, baribir hech narsa chiqmaydi» yo «U men bilan hech ham qiziqmaydi» kabi asossiz fikrlarni qalashtirib yuboradi. Bundan tashqari, «Mustahkam munosabat o‘rnatish juda murakkab ish» degan fikrga qattiq ishongan ong xuddi ohanrabo kabi bu fikrni isbotlovchi hayotiy misollarni o‘ylab, buning aksi bo‘lgan holatlarni inkor etaveradi. Miya sizning qarashlaringizni tasdiqlab, unga moslashib, hayot haqiqatlarini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ko‘rsatish qobiliyatiga ega.

O‘zingizni hech narsaga arzimas deb bilasizmi? Yo kam maosh olasizmi? Kasallikdan boshim chiqmaydi, deb o‘ylaysizmi? Miyangiz bu fikrlarni inkor etolmaydigan isbotlarni, albatta, topadi va uning butun faoliyati mana shu fikrni isbotlashga qaratiladi.

Boshqa tamondan, g‘alabangizga, har narsadan pul qilish mumkinligiga, sog‘ligingizga ishonsangiz bas, shu zahoti atrofingizda bu fikrlarni isbotlovchi hayotiy dalil topiladi.

Aql bilan ishoning

Hayotning barcha muammoli holatlarida, bilingki, muammo ham, uning yechimi ham sizning o‘zingiz. Bu gap g‘alati tuyulishi mumkin, ammo qarama-qarshilik tashqaridan emas, o‘zingizdan, nimaga ishonishingizdan boshlanadi. Qat’iy ishonchlaringizni o‘zgartirsangiz, siz uchun butunlay yangi hayot eshik ochiladi.

Aytaylik, do‘st topish qiyin deb o‘ylaysiz. Bu bilan siz do‘stlashishni istamayotganingizni tasdiqlayapsiz. O‘zingiz yangi do‘st orttirishni istamayapsiz, aniqrog‘i, bunga tayyor emassiz. Hech qachon siz o‘zingizni shu fikrda ekanligingiz uchun ayblamaysiz, ong siz bergan bemaza ovqatni shirin deb yeyaveradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  24 soatlik ochlik qanday o‘tqaziladi? ( 9-qism )

Yangi do‘st orttirish qiyin emasligiga ishonganingizdan so‘ng, albatta, uyingiz mehmondorchilikka taklif qiluvchi telefon qo‘ng‘iroqlariga to‘lib toshmaydi. Balki yangi tanishlar ham ko‘payib ketmas, ammo siz bu muammoga munosabatingizni o‘zgartirdingiz. Birdan anglaysizki, bunday muammoning o‘zi yo‘q, uni o‘zingiz keltirib chiqardingiz. Nihoyat atrofingizda vujudga kelgan vaziyat uchun o‘zingiz javobgarligingizni anglab, hayotga tahliliy nazar bilan qaraysiz, o‘zgarishingiz shartligini tan olasiz.

Yangi tanishlar orttirish qiyin emasligiga ishongach, bu iqrorni tasdiqlovchi ko‘plab dalillar topasiz va har bir hayotiy holatdan bu maqsadingizni amalga oshirish uchun unumli foydalanishga urinasiz.

O‘z ulug‘vorligingizni isbotlang!

Garchand o‘zingiz birdaniga amin bo‘lishingiz qiyin bo‘lsa ham, miyangizda ijobiy ma’nodagi ishonchlarni hosil qiling. O‘z-o‘zingizga – botiniy ongga har qanday fikr yoki g‘oyani mustahkam o‘rnashtirib, barqarorlashtirishga qodirligingizni eslatib turing. Miya buni qabul qiladi, faqat fikrni chuqur his qilgan holda bir necha bora takrorlash kerak.

Miya hosil qilingan odatlari bo‘yicha ishlaydi. Agar siz hozirgacha miyangizda cheklangan qarashlar ildiz otishiga imkon bergan bo‘lsangiz, qa’tiyat bilan qilingan harakatlar yordamida ularni haydab chiqarish mumkin. Buninguchun eskilarini tamoman siqib chiqarmaguncha yangi ijobiy fikrlarni takrorlab turish shart. Shu tariqa miyangizda o‘ziga xos tozalash ishlarini o‘tkazasiz; misoli jihozlarni yangilab, eshik va devorni qayta bo‘yaysiz. Barcha eski, buzgunchi va sizni kamsituvchi fikrlarni, ular hatto, ongingizda chuqur ildiz otib ketgan bo‘lsa ham, irg‘itib tashlab, yangilariga almashtirish vaqti keldi.

Quyidagi ro‘yxatni diqqat bilan o‘qib, unda siz o‘zlashtirib olgan fikrlar bor-yo‘qligini aniqlang:

  • «Men bu ishni qilolmayman»
  • «Bundan ortig‘iga erisholmayman»
  • «Hozir imkoniyatlarim cheklangan»
  • «Ming marta urindim, chiqmadi»
  • «Bajarishim muhim emas»
  • «Hayot murakkab»
  • «Har doim nimadir ishkal bo‘ladi»
  • «Nimagadir erishish uchun ko‘p ishlash kerak»
  • «Hech nima asoratsiz o‘tib ketmaydi»
  • «Nima qilishni bilmayman»

Agar bu fikrlardan birontasi sizga tanish, yaqin bo‘lsa, darhol uni yangi ijobiy fikr bilan almashtiring. G‘alaba qozonish – bu o‘z-o‘zini oqlash, sizga omadsizlik olib kelayotgan inkor holatlar haqidagi fikrlarni miyangizdan chiqarib tashlashga kuch topishingizdir. Millionlab odamlar o‘zlarining hozirgi hayotlaridan qoniqib yashaydilar. Uni o‘zgartirishga urinib ham ko‘rmaydilar. Ularning fikricha yashash g‘oyatda og‘ir, taqdirdan qochib bo‘lmaydi. Ularni hech narsa yaxshilab silkitib, hushyor torttirmaydimi? Sizni-chi?

Imkoniyatlaringizni o‘rganing

1-qadam

O‘zingizga qiyin, murakkab bo‘lgan sohalarni ajratib oling: masalan, iqtisodiy ahvolingiz, o‘zaro munosabatlar, sog‘lik, tadbirkorlik va hokazo. Bular borasidagi o‘z qarashlaringizni yozib chiqing. Vaqtni ayamang, haqiqatdan yuz o‘girmang.Sizning fikringizcha, tasavvuringizcha qanday bo‘lishi kerakligi yoki qanday yo‘lni to‘g‘ri deb bilishingiz haqida yozing. Yozib bo‘lgach, ro‘yxatni sinchiqlab qarab chiqing. Chegaralangan fikrlar yo‘qmi? Agar vazifani to‘g‘ri bajarsangiz, bu jarayon ko‘p narsani oydinlashtirishga imkon beradi.

2-qadam

Har bir cheklangan fikr qarshisiga yangi ijobiy tasdiqni yozib chiqing. Masalan:

  • Yaxshi maosh olishning yo‘li yo‘q. – Yaxshi maosh olishning yo‘llari ko‘p.
  • Odamlar bilan tanishish qiyin. – Odamlar bilan tanishish juda oson.
  • Yaxshi do‘st topib bo‘lmaydi. – Yaxshi do‘st orttirish qiyinmas.
  • Odamlarga qo‘shila olmayman. – Odamlar bilan muloqatning yo‘li ko‘p.
  • Bu loyiha ustida ishlashga vaqtim yo‘q. – Bu ishga istagancha vaqt topaman.

Quyida aytib o‘tiladigan ishonchlarni mustahkamlash usulidan foydalanib bu qarashlarni ongingizga qa’tiy joylang. Har oyda bir-ikkita yangi ishonchni ongingizga singdiring. Birdaniga ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Vaqt o‘tishi bilan juda ko‘p kuchli ishonchlarga ega bo‘lganligingizni va ular o‘z foydangizga ishlayotganini anglaysiz.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Disk churrasi shu qadar xavflimi?

Mustahkamlash

Mustahkamlash usuli (texnikasi) juda oson. Aslida siz undan tug‘ilgan paytingizdan buyon foydalanasiz. Dastlab u sizga gapirishni o‘rganganingizda qo‘l kelgan. Keyinroq ko‘paytiruv jadvalini yodlaganingizda. 6×6 yoki 7×8 nechchi bo‘lishini darhol aytib berasiz. Chunki ularning javoblari ko‘p takrorlash oqibatida ongingizga o‘rnashib qolgan. Eslab ko‘ring-a, ko‘paytiruv jadvalidan misollarni necha marta yozib, qancha takrorlagansiz? To‘g‘risi, buni aniq bilmaysiz. O‘qishni boshlagandan buyon bu mashg‘ulotni takror-takror bajargansiz. So‘z jumlalarni qaytargansiz, to‘g‘rilagansiz yoki noto‘g‘ri yozib, xato talaffuz qilganingizda sizni to‘g‘rilashgan. Shuning uchun o‘z ona tilingizda qiynalmay gaplashasiz, chunki u miyangizga ildiz otib mustahkam o‘rnashib olgan.

Har qanday yangi ma’lumot, g‘oya va ishonch miyangizga mustahkam o‘rnashib olgandan keyingina uni amalda qo‘llay boshlaysiz!

G‘oya miyangizga mustahkam o‘rnashib olishi uchun ishonch bilan mulohazani bir-biriga moslashtiring, uyg‘unlashtiring. G‘oyani takrorlang va o‘ylang. Fikringizga qarshi chiqayotgan barcha g‘oyalarni rad etingda, faqat tanlab olganingiz siz uchun hayotiy haqiqat bo‘lsin. Yangi g‘oya niholdek nozik: o‘zini tiklab olgunicha alohida parvarish talab qiladi. Diqqat-e’tiborli va sinchkov bo‘ling: agar g‘amxo‘rlik qilmasangiz, sizning bebosh eski g‘oyalaringiz misoli fikrlovchi urug‘lar kabi qayta o‘sib chiqadi va sizning nozik g‘oyalaringizni chirmab oladi.

Har qanday yangi g‘oya va fikr ongizga ildiz otib ko‘karguncha avvalo o‘sib chiqishi kerak. Bu jarayon ma’lum fursat talab qiladi. Garchi siz bir, ikki, yigirma martalab yangi g‘oyani qamchilab takrorlaganingiz bilan hech o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin. Yangi ishonchingiz samarasi ongingizda tomir otishi uchun bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddat o‘tishi kerak. Bu degani 30 kundan 90 kungacha har kuni 5-10 daqiqa davomida mashq bajarish demakdir.

Endi siz bir-ikki marta o‘qish yo‘li bilan yangi g‘oya, e’tiqodni amalga oshirmoqchi bo‘lgan odamlarning mag‘lubiyatga uchrash sabablarini tushundingizmi? “Men buni tushunishga intildim, lekin hech uddasidan chiqolmadim”, – deyishadi ular afsus bilan. Lekin ular yetarlicha harakat qildilarmi?

Sizning miyangiz qanday bo‘lishidan qa’ti nazar, yangi g‘oyani bir-ikki oy davomida takrorlab singdirmasangiz, u o‘z-o‘zicha uni qabul qilish qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun chala-yarim kuch berib vaqtingizni sarflash va oqibatda umidsizlikka tushish, hafsala pir bo‘lmog‘idan nima foyda? Endi ushbu gaplarni qaytaring:

Har qanday yangi ishonch ildiz otishi va gullashi uchun vaqt va e’tibor talab qiladi.

3-marta.

Angladingizmi?

Djon Kexoning “Botiniy ong mo‘’jizalari” kitobi asosida
Tib.uz nashri tomonidan tayyorlandi.