Bolaning asab sistemasi va psixologik testlar

Savol: Bebosh bola sindromini to‘g‘ri aniqlashda qanday nevrologik tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak?

Javob: Bolaning albatta asab sistemasini tekshirish kerak. Masalan elektroensefalografiya (EEG) orqali miyaning funksional holatini aniqlash mumkin. Bu tekshiruv bola uchun mutloqo bezarar. Ba’zida MRT tekshiruvini o‘tkazish zarurati tug‘ilishi mumkin. Biroq ular faqat nevropatolog tavsiyasi bilan o‘tkaziladi. Ba’zan ota-onalar o‘zlari ushbu tekshiruvlarni o‘tkazib yurishadi. Bunday qilish noto‘g‘ri! Bolangizga ushbu tekshiruv shart bo‘lmasligi mumkin.

Bebosh bola sindromida bir qator nevrologik belgilar mavjud bo‘lib, ularni to‘g‘ri tahlil qilmaslik diagnostik xatolarga sababchi bo‘lishi mumkin. Ayniqsa harakat koordinatsiyasi va muvozanatining buzilishi eng ko‘p uchraydi, qo‘llarda titroq ham bo‘lishi, ko‘p terlash, oyoq-qo‘llarninsh uchi muzlab yurishi, uyqu buzilishi kabi belgilar ham kuzatiladi. Ushbu kasallikda tunda tagiga siyib chiqish, ya’ni tungi enurez ham ko‘p uchraydi. Bunday bolalar kechasi qotib uxlashadi va ularning aksariyati yotgan joyiga siyib qo‘ysa ham uyg‘onib ketishmaydi. Bu odatda tungi enurezning og‘ir turi bo‘lib faol davolashni talab qiladi. Shuningdek ushbu bolalarda ba’zan tutqanoq hurujlari ham kuzatiladi. Bunday hurujlar hulq-atvor o‘zgarishlarini yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

Savol: Bebosh bola sindromini psixologik testlardan foydalanib ham aniqlash mumkinmi?

Javob: Albatta, aniqlash mumkin. Biroq psixologik testlarni asosiy diagnostika quroli sifatda qabul qilmaslik kerak. Psixologik testlar tibbiy tekshiruvlarga yordam beruvchi qo‘shimcha tekshiruv usuli xolos. Bugungi kunda ushbu sindromni to‘la aniqlab beruvchi psixologik test mavjud emas. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun eng zarur bo‘lgan usul – bu vrach va psixologning kuzatuvi. Bolaninn aqliy rivojlanishini aniqlash uchun horijda keng tarqalgan Veksler shkalasidan foydalanishadi. Biroq bu shkala ham bolaning hulq-atvorini to‘la aks ettirib bera olmaydi.
Maktabda bolaning darslarni o‘zlashtirishi, sinfda o‘zini tutishi, qiziqishlarini o‘rganish ham tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun yordam beradi. Vrach-psixolog bolaning maktabdagi hulq-atvorini o‘rganish uchun albatta uning ota-onasi bilan maslahatlashishi kerak. Bu yerda ayniqsa maktab psixologi yoki vrachlarining yordami juda katta bo‘ladi.

Davolash mezonlari

Savol: Maqtov, erkalash va qattiq tergash yordam bermas ekan, unda “Nima qilish kerak va bebosh bola sindromini qanday davolash mumkin?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Javob: Albatta mana shu savolga to‘g‘ri javob topish tibbiyot xodimlari va psixologlar oldida turgan katta muammodir.
Aqliy rivojlanishi yaxshi bo‘lsada, bebosh bola sindromi aniqlangan ba’zi bolalar maktabda yomon o‘qishadi. Buning sabablari diqqatning sustligi, darsni qunt bilan eshitmaslik va hulq-atvorning yomonligi. Shuningdek, ularning ba’zilarida yozish, hisob yoki o‘qish kabi ba’zi qobiliyatlar sust rivojlangan bo‘ladi. Shu sababli ham ular darsni yaxshi o‘zlashtira olishmaydi.

Bebosh bola sindromida ba’zi bolalarda musiqa yoki rasm chizishga qobiliyat yaxshi rivojlangan bo‘lib, matematika kabi aniq fanlarga uquvi past bo‘lishi mumkin. Ularning aksariyatiga ochiq havoda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar – jismoniy tarbiya, futbol, yugurish kabi mashg‘ulotlar juda yoqadi. Bu yerda ular turli muvaffaqiyatlarga erishadi.
Tashxis qo‘yilgandan so‘ng ota-onaga davolashning maqsadi va natijalari haqida tushuntirish beriladi. Chunki hamma ota-ona ham bolasining kasalligini tushunib yetavermaydi va bolasining hulq-atvoridan bezib ketganini gapiradi. Aksariyat hollarda ota-ona bolaning hulq-atvoridagi o‘zgarishlarda aybni bir-biriga to‘nkaydi “Bolani yaxshi tarbiyalamayapsan, senga o‘xshagan” deb.

Ota-onaga bolasining hulq-atvoridagi o‘zgarishlarning asl sababini tushuntirib berish, uni samarali davolash uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini aytish lozim. Chunki ota-ona bebosh bola sindromi aniqlangan bolasi bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini bilmaydi. Bu yerda doimo mutaxassisning maslahati zarur bo‘ladi.
Bebosh bola sindromini davolashda psixologik suhbatlarga, psixoterapiyada hulq-atvorni korreksiya qilishga qaratilgan samarali usullarga urg‘u berish lozim. Bunday psixoterapevtik usullar juda ko‘p. Ularni tanlashda bolaning jinsi, yoshi va tafakkur darajasi e’tiborga olinishi zarur.

Bebosh bola sindromini davolash ba’zan o‘ta murakkab kechadi, ayniqsa uning kelib chiqishida nasliy omil aniqlansa. Ba’zi hollarda davolash samarasiz bo‘ladi yoki psixokorreksiya davri cho‘zilib ketganligi sababli ota-onalar davolanishni to‘xtatib qo‘yishadi. Shuning uchun ham hulq-atvori o‘zgargan bolalarga moslashtirilgan maxsus psixonevrologik yo‘nalishdagi sihatgohlar, maktablar va mehribonlik uylari mavjud. Bu joylarda bola davolanishi, o‘qishini davom ettirishi va yashashi ham mumkin.

Klassik tibbiyotning oltin qonuni

Bebosh bola sindromini davolashda dorivor vositalar ham qo‘llaniladi. Dorivor vositalar bilan davolash haqida so‘z ketganda, aqliy faoliyatni kuchaytiruvchi maxsus dorilar yo‘qligini ham aytib o‘tishim kerak. Psixiatrlar bebosh bola sindromini davolashda psixotrop dorilardan foydalanishni tavsiya qilishadi. Psixologlar esa ushbu sindromni psixoterapevtik muolajalar bilan davolashga asosiy urg‘u berish zarurligini uqtirishadi, chunki psixotrop dorilar bolaning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Nevropatologlar esa nerologik dorilarga urg‘u berish lozimligini aytishadi. Har qanday vaziyatda ham davolash muolajalarini maslahatlashib o‘tkazish zarur. Bu klassik tibbiyotning oltin qonunidir! Albatta mutaxassislar bebosh bola sindromini bartaraf etishda miyadagi moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi vositalar, ya’ni noofen, fenibut, glutamin kislotasi, pantokalsin kabi dorilardan foydalanish va ularni bir necha oylab qabul qilish zarurligini aytishadi. Biroq ularni vrach tavsiyasi bilan qabul qilish lozim.

Agar bolaning atrofdagilar bilan munosabati yaxshi tomonga o‘zgartirilsa, oila a’zolari orasida o‘zaro mehribonlik vaziyati yaratilsa va bu vaziyat doimiy bo‘lsa, bebosh bola sindromi belgilari sezilarli darajada kamayib boradi. Kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar oila va maktabdagi vaziyat bolada ruhiy zo‘riqishlarga olib kelmaydigan bo‘lsa, davolash jarayoni oson kechadi.

Maktab ta’tili paytida bolani turli xil to‘garaklarga yuborish, oilaviy bo‘lib teatr, konsert va boshqa dam olish maskanlariga borish, yozgi katta ta’til paytida oilaviy bo‘lib dam olish sihatgoxlariga chiqish juda foydalidir. Shuningdek, o‘smir yoshidagi bolalarning mehnat to‘garaklariga qatnashishi ham juda o‘rinli bo‘ladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, uzoq vaqt kompyuter yonida o‘tirish, ketma-ket davom etadigan va asosan kattalarga mo‘ljallangan teleseriallarni ko‘rish bola ruhiyatiga faqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bola teleserialdagi barcha vaziyatlarni miyasida tahlil qilishi va voqelikning izidan qolmay “qahramonlar” hayotini nazorat qilib borishi kerak. Bularning barchasi bola uchun keraksiz narsalar va faqat bola miyasini zo‘riqtiradi xolos.

Eng qiyin fan – bu tarbiya fani!

Savol: Zarifboy Rajapovich! Ota-onalar, bog‘cha opalar va maktab o‘qituvchilariga qanday maslahatlar bergan bo‘lur edingiz?

Javob: Bola ham xuddi kattalarga o‘xshab hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladi, atrofdagilarning e’tiborini qozonishni istaydi. Bu albatta yaxshi! Mazkur intilishni ota-ona va maktabda o‘z vaqtida ilg‘ab olib uni ilhomlantirish o‘ta muhimdir. Bu intilishlarni e’tiborga olmaslik yoki bo‘lmasa “Qilayotgan ishlaring senga kerak emas, sen hali yoshsan” kabi iboralar yoki bolaning xatolarini ro‘kach qilish, endi kurtak urayotgan qiziqishlarni yo‘qqa chiqaradi va uning mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qiladi.

Bola bilan suhbatlashish, uning muammolariga kirib borish, ularni yechishda faol ishtirok etish, muvaffaqiyatlarini o‘z vaqtida rag‘batlantirib borish, o‘rtoqlarining oldida uning qobiliyatlariga to‘g‘ri baho berish juda katta ahamiyatga molik bo‘lgan davolash choralaridan biridir. Shuning uchun ham ota-ona psixologning eng yaqin yordamchisi hisoblanadi. Ota-onaning yordamisiz psixolog bolalardagi hulq-atvorning buzilishlarini davolashda samarali natijalarga erishishi amri mahol.

Maqolaning ilk qismlari:

  1. “Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari

  2. “Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari (Davomi)

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*