4.2
(145)

Bolani ko‘krakdan ajratishda ham ona, ham bolaning fiziologik xususiyatlari inobatga olinishi darkor.

Onaga buning uchun involyutsiya davri boshlangandan keyingi vaqt muvofiq. Involyutsiya davrida sut bilan birgalikda kam miqdorda og‘iz suti (molozivo) ishlab chiqariladi. Ko‘krak hajmi esa kichrayadi va ona go‘dagini bir necha kun emizmasa ham qattiqlashmay, yumshoq bo‘lib turadi.

Bolani ikkidan uch yoshgacha bo‘lgan vaqtda ko‘krakdan ajratish oson kechadi. Agar farzandingizni ko‘krakdan ajratmoqchi bo‘lsangiz, uyidagi bir necha muhim qoidalarni bilib olishingiz kerak.

O‘qishni tavsiya etamiz: Bolani ko‘krak sutidan ayirish

Bolani sutdan ajratish uchun muhim tavsiyalar

  • Emizishni keskin to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu bola uchun ortiqcha stress bo‘ladi. Avvaliga kunduzi bolani emizishlar sonini kamaytiring. Uni emizish o‘rniga shishacha yoki piyolada sut bering. Kunduzgi emizishlar sonini kundan-kunga kamaytirib boring. Bola umuman emmay qo‘ygach, kechki emizishlar sonini kamaytirishni boshlang.
  • Kichkintoyga e’tiborli bo‘ling. Agar kunduzi kamroq emizsangiz-u, kechki paytda ko‘proq ema boshlasa, bilingki, uni ko‘krakdan ajratishga hali erta. Ba’zi hollarda bolani sutdan ajratish asnosida u barmog‘ini yoki ko‘rpachasini surishni odat qilishi ham mumkin.
  • Kunduzi bola emizishingizni talab qilsa, uning e’tiborini boshqa narsaga qarating. Masalan, sayr qilgani ko‘chaga, xiyobonga olib chiqing. Kichkintoy sayr asnosida emizishingizni talab qilmay uxlab qolishi mumkin.
  • Iloji boricha yopiq kiyim kiying, ya’ni bolaning nazari ko‘ksingizga tushmasin. Uning yonida yotmang, emishni yodiga solishi mumkin bo‘lgan harakatlardan qoching.
  • Bolaga kechqurun hamma, shu jumladan, «so‘rg‘ichi» ham uxlashini ayting.
  • Shoshilmang, bola yangi qoida va kun tartibiga sekin-asta o‘rganadi.
  • Emizish soni sutkasiga bir yoki ikki martaga kamaygach, uni onadan uzoqlashtirish, masalan, buvisinikiga olib borish mumkin. Bu vaqt mobaynida bola ko‘krakni unutadi, tuni bilan uyg‘onmasdan uxlashga ko‘nikadi. Onasining yoniga qaytganda esa emishni yoddan chiqargan bo‘ladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bolani ko‘krak sutidan ayirish

Mumkin emas!

Bola biror kasallikka chalingan yoki yaqinda sog‘ayib, organizmi zaif bo‘lib turganida hamda yoz paytida ko‘krakdan ajratmang!

Ona uchun…

  • Agar sutingiz ko‘p bo‘lsa, mastitning oldini olish uchun dori vositalari qabul qilishingiz mumkin. Ammo ularni albatta shifokor tavsiya etishi kerak.
  • Sut batamom qaytgunga qadar ko‘krakdagi qattiqlikni ketkazish uchun sutni kam-kamdan sog‘ib turish lozim. Ammo ko‘p emas, chunki sog‘ib olingan sut o‘rniga yanada ko‘proq sut kelishi mumkin. Laktatsiyani to‘xtatishga yordam beruvchi dori vositalarini qo‘llashda esa ehtiyotkor bo‘ling. Chunki ularning asorati bor: bu umumiy laktatsiyaga zarar qiladi va yana farzandli bo‘lganingizda sutingiz miqdori kamayib ketishiga olib kelishi mumkin.
  • Ona bolasini ko‘krakdan ajratish davrida o‘zini aybdordek, bolasiga nisbatan vafosizlik qilayotgandek his etadi. Unutmangki, bolani ko‘krakdan ajratish sizni onalik safidan chiqarib qo‘ymaydi. Bolani ko‘krakdan chiqarish davrida ham bola sizning mehringizni his qilishi darkor.

© Inobat JO‘RAYEVA, pediatr.
«Sug‘diyona» gazetasi.