4.2
(69)

Bolani ovqatlantirishda nimalarga e’tibor qaratilishi lozim?

Birinchidan, onalar bolani to‘g‘ri ovqatlantirishlari kerak. Ikkinchidan, ayniqsa iliq-issiq kunlarda bolaga ko‘proq suv berish lozim, bu terlash tufayli organizm yo‘qotgan suyuqlik o‘rnini to‘ldiradi. Uchinchidan esa o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olish maqsadida shaxsiy gigena qoidalariga rioya etish alohida o‘rin egallaydi. Chunki o‘tkir me’da-ichak infeksiyalari bilan kasallanish 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida 65-70 foizni tashkil qiladi.

bola parvarishi

Kasallik ko‘pincha iste’mol qilingan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishini inobatga olib issiq kunlarda bolalarning ochiq suv havzalarida cho‘milishlarini nazorat qilish, ayniqsa mevalarni qaynagan suvda yuvib berish muhim hisoblanadi.

Vitaminga boy ko‘katlarni to‘g‘rab, bola ovqatiga qo‘shib yedirish lozim. Umuman, vitaminli yeguliklar kundalik dasturxonda doimo bo‘lishi shart. Oddiygina misol. Bola organizmida vitamin C yetishmasa, uning aqliy va jismoniy qobiliyati pasayib ketadi, me’da-ichak faoliyati buziladi, bola tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi. Shunday ekan, askorbin kislotasiga boy petrushka, karam, na’matak, limon, pomidor va sabzi iste’mol qilishni yo‘lga qo‘ygan ma’qul.

Vitaminlarning B guruhi yetishmasa, bolada ishtaha yo‘qolishi, asab tizimi faoliyati buzilishi, lanjlik, ozib ketish kabi belgilar kuzatiladi, shu sababli bolalarga go‘sht, jigar, dukkakli donlar, sut mahsulotlari, tuxum va turli sabazavotlarni ko‘proq berish tavsiya etiladi.

Vitamin A tanqisligi yosh bolalarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, moddalar almashinuvining bir me’yorda bo‘lmasligiga olib keladi. Bolalarga go‘sht, baliq, sut, tuxum, sariyog‘ va ko‘k no‘xatli taomlarni ko‘proq berish lozim.

Go‘dakning “jajji dorixona”sida nimalar bo‘lishi zarur?

Bular quyidagilar:

  • Asetomenofen (og‘riq qoldiruvchi suyuq dori). Bolalar uchun u paratsetamol bilan birga (isitma tushirish uchun) dorixonadan olinadi. Asosiy nomlari: Taylenol, Panadol;
  • Oq oddiy leykoplastr;
  • Spirtli paxta tamponlari;
  • Antibiotikli maz;
  • Dezinfeksiyalovchi suyuqlik (aptekalarda turli xili mavjud: Betadine, Hibiclens);
  • Steril leykoplastr;
  • Paxtali cho‘plar;
  • Steril bint;
  • Vodorod peroksidi;
  • Muz solingan paketchalar (doim muzlatgichda tursin, bola lat yeganda shikastlangan joyga qo‘yish uchun tayyor bo‘lib turadi);
  • Ipekakuana siropi (qustiradigan suyuqlik bo‘lib, bola tasodifan zaharlanganda vrach bilan maslahat qilgan holda qayt qildirish uchun qo‘llaniladi);
  • Pipetka, o‘lchov qoshiqcha (dori berishda o‘lchash uchun);
  • Burun tozalash uchun namokob suv (dorixonalarda mavjud – Sodium Hloride);
  • Uchi o‘tkir bo‘lmagan kichik qaychi (tirnoq olish uchun);
  • Kichik plastrlar;
  • Termometr;
  • Pinsset;
  • Glitserin svechalar (bola qornida gaz yig‘ilib, ichi qotganda foydalaniladi);
  • Bolalarni cho‘miltirish uchun giyohlar (masalan badanida issiqlik toshmalari bo‘lganida ittikanak – chereda bilan cho‘miltirish foyda beradi.)
  • Regidron (ich buzilishida qo‘llaniladi).
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Brutsellyoz

Bu kun ko‘pchilik onalar bola tinchligini o‘ylab pampersdan foydalanishadi…

Bolalarga uy sharoitida pampers taqishda me’yorga amal qilish shart. Ayniqsa o‘g‘il bolalarga pampersni uzoq muddat taqish kelajakda o‘z salbiy asoratlarini berishi (bepushtlikka olib kelishi) mumkin.

Bolalar qisqa muddatga, (ya’ni uni poliklinikaga olib chiqqanda yoki mehmonga borganda) ortiqcha noqulayliklarning oldini olish maqsadida pampersdan foydalanish mumkin. Ayrim onalar kun davomida bolalarni pampersda qoldirishadi, bu mutlaqo noto‘g‘ri.

Pampers tanlaganda albatta uning havo o‘tkazuvchanligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Uzoq muddat pampersda yuradigan bolalarda hojatga chiqish ko‘nikmalari shakllanmay qoladi, natijada bunday bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga borganda qiynalishadi.

Onalar o‘z farzandlarini uy sharoitida pamperssiz parvarish qilishlari hamda ularda zarur ko‘nikmalar shakllanishida yordam berishlari kerak.

Bolani qanday kiyintirgan ma’qul?

Yil fasllari almashadigan paytda bolalar salomatligiga alohida e’tibor talab etiladi, chunki iqlim, ob-havo salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Faslga qarab ovqatlantirish kabi, faslga mos qilib kiyintirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bolalarga paxtali matodan tikilgan, tana uchun qulay (tor yoki juda ham keng bo‘lmagan) kiyimlar kiydirish ular organizmi uchun foydali. Kiyim bola tanasiga havo o‘tkazadigan bo‘lsa, u organizmda moddalar almashinuvi me’yorida kechishiga yordam beradi.

Bolaning boshiga oq matodan tikilgan soyabonli qalpoqcha kiydirish lozim (sababi, u quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bola yuziga tushishidan saqlaydi).

Chaqaloqqa vitaminlar qachondan boshlab beriladi?

Chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish uning har tomonlama mukammal o‘sishi, sog‘lom bo‘lishi, turli yuqumli kasalliklarni yengib o‘tishida yordam beradi. Shu sababli, 6 oylikkacha chaqaloq rivojlanishi mobaynida ularga hech qanday vitaminlar, sharbatlar berish shart emas.

Ko‘krak sutida chaqaloq organizmi uchun zarur bo‘lgan barcha ozuqalar, hatto vitaminlar yetarlicha mavjud.

Bolaga 6 oylikdan so‘ng sekin-asta suv, kompot va meva sharbatlaridan oz-oz berish mumkin, faqat ko‘krak sutidan so‘ng, kuniga 1- 2 marotaba, 1 choy qoshiqdan boshlash tavsiya qilinadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kichkintoy parvarishi (2-qism)

Bola 1 yoshga yetganda qo‘shimcha ovqat kuniga 3 marotabaga yetkazilishi mumkin, bunda kartoshkali va sabzavotli pyurelar, qiymalagichdan o‘tkazilgan go‘sht, qatiq, guruchli, manniy bo‘tqalari berish mumkin. Bolaga choy ichirish, ovqatiga tuz sepib berish tavsiya etilmaydi. Xullas, onalar go‘daklarini to‘g‘ri parvarishlashsa, ular sog‘lom va baquvvat bo‘lib o‘sadilar.

© Muqaddas Rahmatullayeva, oliy toifali pediatr.
«Sihat-salomatlik» jurnali.