El sog‘ligi — yurt boyligi

Oqsil, yog‘ va uglevodlarning bola salomatligidagi ahamiyati

Oqsillar – har qanday tirik hujayraning asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, yangi hujayra va to‘qimalar qurilishiga sarflanadigan azot faqat ularda bo‘ladi. Shuningdek, bolalarning oqsilga ehtiyoji kattalarnikiga qaraganda ancha ko‘p, ular ulg‘aygan sari bu talab ham ortib boraveradi.

bola ovqatlanishi

Ovqat hazm qilish yo‘llariga tushgan oqsillar me’da va ichak shirasi ta’sirida aminokislotalarga parchalanadi. Aminokislotalar ichak devori orqali qonga so‘rilib, butun organizmga tarqaladi. Ma’lumki, organizmga ovqat bilan birga tushadigan 8 ta aminokislota (triptofan, fenilalanin, lizin, metionin, valin, leysin, izoleysin, treonin) mavjud.

Hayvonlardan olinadigan mahsulotlar (tuxum, sut, tvorog, go‘sht, baliq va boshqalar)da bo‘ladigan oqsillarning biologik jihatdan juda ham faol ekani aniqlangan. Bundan tashqari, ularda inson uchun zarur bo‘lgan barcha zarur aminokislotalar bor. Ayniqsa, emizikli chaqaloqlar to‘la sifatli oqsilga juda muhtojdirlar.

O‘simlik mahsulotlari (non, kartoshka, sabzavotlar, yormalar va boshqalar)dagi oqsillar hayvon oqsillariga qaraganda organizmga sekin singadi. O‘simlik va hayvon mahsulotlari to‘g‘ri aralashtirilib, birinchisini ikkinchisi bilan boyitish orqali odam organizmiga zarur oqsil va aminokislotalarning tanaga tez singishini ta’minlash mumkin. Shu bois bolaga har xil hayvon va o‘simlik mahsulotlaridan iborat turli ovqatlarni bergan ma’qul.

Yog‘lar faqat energiya va issiqlik manbai bo‘libgina qolmay, a’zo va to‘qima hujayralari tarkibiga kiradi, ular ichki a’zolarni turli mexanik shikastlanishlardan saqlaydi. Shuningdek yog‘lar ham oqsillar kabi sifatli va sifatsiz bo‘ladi. Sut mahsulotlari (sariyog‘, qaymoq, smetana, tvorog, pishloq), tarkibiga kiradigan sut yog‘i, baliq moyi va tuxum sarig‘idagi yog‘ eng foydali hisoblanib, ularda bola salomatligi va o‘sishi uchun zarur bo‘lgan A va B vitamini mavjud. Mol va qo‘y yog‘ida bu vitaminlar juda kam, o‘simlik moyida esa deyarli yo‘q. Ammo o‘simlik moyi o‘sib kelayotgan organizm uchun zarur bo‘lgan ba’zi foydali to‘yinmagan yog‘ kislotalarining manbai. Bular moddalar almashinuvida va immunitet ishlab chiqarilishida qatnashadi. Shu sababli 1 yoshdan oshgan bola ovqatiga hayvon oqsillari bilan bir qatorda o‘simlik moyini ham albatta ishlatish kerak.

Uglevodlar energiya va issiqlik hosil bo‘lishiga xizmat qiladi. Bolalarning uglevodlarga bo‘lgan kunlik ehtiyoji kattalarnikiga qaraganda 2 hissa ortiq bo‘ladi.

O‘simliklardan tayyorlanadigan mahsulotlar (non, yormalar, kartoshka, sabzavotlar, mevalar) uglevodlar manbai sanaladi, chunki ularda ko‘p miqdorda qand, kraxmal va kletchatka mavjud. Hayvonlardan olinadigan mahsulotlardan faqatgina sut qandga boy bo‘ladi.

Bolalar ovqatida oddiy qandlar – glyukoza va fruktozadan iborat yengil singuvchi uglevodlar muhim rol o‘ynaydi. Bular mevalar, sabzavotlar, sharbatlar, shuningdek, sut (sutda sut qandi – laktoza bo‘ladi) bilan birga organizmga tushib turadi.

Umuman, bola sog‘lom o‘sib ulg‘ayishi uchun uning taomnomasida oqsil, yog‘ va uglevodlar kerakli miqdorda bo‘lishi shart.

© Rayhon MUDARISOVA, pediatr.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *