El sog‘ligi — yurt boyligi

Bola injiq va qaysar bo‘lsa, nima qilish kerak?

– Farzandim endigina 5 yoshga to‘lganiga qaramay, noma’qul so‘zlarni gapirmoqda. Men va dadasiga gap qaytaradi. Kundan-kun o‘ta qaysar bo‘lib bormoqda. Farzand tarbiyasidagi bu salbiy o‘zgarishlarning sababi nimada?

injiq bola

Bolaga to‘g‘ri-noto‘g‘ri, yaxshi-yomonni tushuntirish ota-onalarning eng birinchi vazifasidir. Shuning uchun ham farzandingizning huda-behudaga janjal qilib, injiq bola bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Tarbiyachi yoki bog‘chaning tez-tez almashtirilishi, oiladagi turli muammoli vaziyatlar ham bolada injiq va agressiv (tajang) kayfiyatni paydo qiladi. Shunday ekan, maktabgacha ta’lim muassasalari va uning tarbiyachilariga ham e’tiborli bo‘ling. Negaki, bolaning shaxs sifatida shakllanishida bu muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, bolani 3 yoshgacha bo‘lgan vaqtidagi o‘zingiz bergan tarbiya ham bunda asosiy o‘rin tutadi. Uni ortiqcha erkalatib yubormagan holda, yaxshi ko‘rishingizni ham bildirib turing.

Bolaning urishqoq va qaysar bo‘lib qolishi ota-ona uchun muammoli holatdir. Bolalar agressivligi – ichki ruhiy notinchlik, negativ his-tuyg‘ular yig‘indisi deya baholanadi. Bunday bolalar tengdoshlari bilan chiqisholmaydi, ular bilan tez-tez urishadi, o‘yinchoqlarni buzib tashlaydi. Bu bilan u onasining, tarbiyachining e’tiborini tortmoqchi bo‘ladi. Ular e’tiborni tortish uchun atay sekin kiyinadi, o‘yinchoqlarni yig‘ishtirmaydi, yaxshi gapirmaguningizcha gapga kirmaydi.

Hayotimizda yomon his-tuyg‘ularni keltirib chiqaradigan, insonni bag‘ritosh, jahldor, qiziqqon qilib qo‘yuvchi holatlar ko‘p uchraydi. Bolalar esa atrofdagilar kayfiyatini tez ilib oladilar. Shu bois ota-onalar farzand­lar oldida yomon narsalarni muhokama qilmasliklari, o‘zaro janjallashmasliklari, halokatli yoki fojeaviy ko‘rsatuv va filmlarni ko‘rmasliklari lozim.

Farzandingizda shunday xulq-atvorni kuzatsangiz aybni faqat o‘zingizdan qidiring. Bunday xulq-atvorning sababi: oiladagi nosog‘lom muhitdir. Ushbu fe’l-atvorni tuzatish uchun avvalambor oilaviy munosabatlarni tartibga soling.

Agar bolangiz injiq va urish­qoq bo‘lsa, quyidagi o‘yinlar yordamida ham uning fe’l-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin.

Changni qoqamiz (4 yoshli bola uchun)

Har bir bolaga bittadan yostiq beriladi. Bolalar uni changini qoqayotgandek urishlari kerak. Mashqning foydali jihati shundaki, bola o‘zidagi yomon energiyani har bir zarbda, kuch orqali chiqarib yuboradi.

Minorani qulatish (5 yoshli bola uchun)

Yostiqlardan unchalik baland bo‘lmagan minora quring. Har bir ishtirokchining asosiy maqsadi – ushbu minoraga bor kuchi bilan sakrash, xursandchilikni bor ovoz bilan ifoda etish. Yostiqlarni ag‘darib yubormagan holda, minorani zabt etgan ishtirokchi g‘olib sanaladi. Albatta, har bir ishtirokchi yutuq uchun shirin so‘z bilan rag‘batlantiriladi.

Bu o‘yinlardagi asosiy maqsad boladagi agressiv va injiq kafiyatni kuch va harakat bilan chiqarib tashlashga e’tibor qaratilgan. Agar farzandingizning kelajakda komil inson bo‘lib voyaga yetishishini istasangiz, uning ichki energiyasini ijobiy xislatlar shakllanishiga yo‘naltiring.

© Dilnoza Mirzayeva, psixolog.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *