Bola immuniteti past bo‘lsa

Yosh bolalarda immun tizimi ishining izdan chiqqanini quyidagi holatlar orqali bilib olish mumkin:

  • Yil davomida kichkintoy gripp, bronxit va o‘tkir respirator xastaliklarga 5 marotaba, ba’zan undan ham ko‘p chalinsa.
  • Bolada kamqonlik aniqlangan bo‘lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi immun tizimi faoliyatini susaytiradi).
  • Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda xastalanish kunlarining cho‘zilishi.
  • Ko‘z atrofining ko‘karishi, holsizlanish, kamquvvatlilik.
  • Gijja kasalligi va allergiyaga chalinsa (shuningdek, disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda ham immunitet pastligi kuzatiladi).

Unutmangki, muammoni vaqtida bartaraf etish bola salomatligining tezroq tiklanishida yordam beradi. Avvalo bolani pediatr ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Uning umumiy ahvolidan kelib chiqib, maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Qon tarkibidagi turli infeksiya qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. (Immun tizimini izdan chiqaruvchi zararli viruslarni qon tahlili orqali aniqlasa bo‘ladi.)

Maslahat shuki, bola taomnomasini quvvatli sifatli mahsulotlar bilan boyiting, uni ochiq havoda tez-tez sayr qildiring. Uch yoshdan oshgan bolalarni suv havzalarida cho‘miltirib, badanini oftobda toblang, maxsus badantarbiya mashqlari bilan chiniqtiring. Fiziodavolash usullarini qo‘llab, umumiy uqalash mashqlarini (mutaxassis shifokor bilan maslahatlashib) qo‘llang.

Tabiiy usullar yordamida sog‘lomlashtirish bola organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yiliga bir marta yoz kunlari bolani tog‘ yon-bag‘irlariga olib borib, toza havoda ko‘proq dam oldirish uning sog‘ligi uchun foydali. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga havo vannasini qo‘llash mumkin. Dastlab chaqaloq 1-2 daqiqa kiyimlari yechilgan holda ochiq yotqizib qo‘yiladi. Havo harorati 18-20 darajadan past bo‘lmasligi lozim. Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqadan ko‘paytirib boriladi. Uni qo‘llashdan oldin bolaning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Havo vannasining afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi.

Bolalarning immuniteti mustahkam bo‘lishida tabiiy noz-ne’matlarning ham ahamiyati beqiyos. Bu haqda bilib qo‘ysangiz zarar qilmaydi. Masalan sarimsoq shamollashning oldini oladi, apelsin tarkibida S vitamini mo‘l, limon va asalli choy shamollashni davolaydi, asal esa immunitetni ko‘tarib, qonni tozalaydi. Shuningdek qizil sabzi ko‘rish quvvatini oshiradi, sholg‘om shamollashni bartaraf etadi, qizil lavlagi qon ko‘paytirish xususiyatiga ega. Anor organizmni toksinlardan tozalasa, olma ishtahani ochadi. Sut mahsulotlari tarkibidagi lakto va bifido bakteriyalar organizmdagi foydali bakteriyalarni faol holatga keltiradi va immun tizimini mustahkamlaydi.

Rayhon MUDARISOVA, pediatr.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

Mavzuga aloqador maqolalar:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*