Bolangizning buyragi og‘rimoqdami?!

Bolalar urologiyasi deganda peshob-tanosil a’zolarining peshob ishlab chiqarishi va uni organizmdan chiqarib tashlash tizimi tushuniladi. «Uro» – peshob (siydik), «logos» – fan so‘zlaridan olingan bo‘lib, peshob haqidagi fan ma’nosini bildiradi.

Moddalar almashinuvi jarayonida organizmda keraksiz moddalar paydo bo‘lib, ularni vujuddan chiqarib tashlash talab etiladi. Agar mana shu tizim mukammal ishlamasa, zaharli moddalar organizmda ko‘payib ketishi natijasida inson tanasi halokatga yuz tutishi mumkin. Peshob ishlab chiqarish tizimida, avvalo, buyraklarning ahamiyati katta. Buyraklar 180-200 gramm og‘irlikda bo‘lib, umurtqa pog‘onasining ikki tarafida joylashadi. Ular xuddi loviyasimon ko‘rinishga ega qo‘sh a’zodir.

Buyraklarning asosiy ishchi tizimi – nefronlardir. Nefronlar orqali qon o‘tadi va undan so‘ng qonga o‘xshash suyuqlik kanalchalarga o‘tkaziladi. Har bir buyrakda 1,5 2 millionta nefron mavjud bo‘lib, sog‘lom odamda ular muntazam ishlab turadi. Hatto, zahirada ham bir necha million nefron mavjud. Nefronlar bir kecha-kunduzda katta insonlarda 200 250 litr suyuqlikni o‘zidan kanalchalar sari chiqarib yuboradi. Suyuqlik kanalchalarga tushgach, qayta so‘rilish jarayoni kuzatiladi. Ana shu jarayonda kerakli moddalar organizmga so‘rilib, keraksizlari 1,5 2 litr peshob bo‘lib yig‘iladi. Peshob buyrak jomiga yig‘ilib naychalar orqali qovuqqa tushadi. O‘z navbatida esa qovuq peshobni tashqariga chiqarib tashlaydi. Mana shu jarayonda ishtirok etuvchi a’zolar umumiy urologik tizimga kiradi.

– Ma’lumki, bolalarda kasallikning ikki xil turi uchraydi, ya’ni: tug‘ma va orttirilgan kasalliklar. Tug‘ma kasalliklarning ikki foizigina naslga borib taqalishi mumkin. Qolgan qismi orttirilgan kasalliklardir. Tug‘ma urologik kasalliklar asosan onaning homiladorlik davrida paydo bo‘ladi. Homila paydo bo‘lgandan to uch oygacha bo‘lgan davrga nisbatan dastlabki homiladorlik deyilsa, ushbu davrda bo‘lajak onaga katta e’tibor qaratib, uni kuchli parvarishlash talab etiladi. Chunki, turli xil ruhiy zo‘riqish(stress)lar, jismoniy zo‘riqishlar, ma’naviy tazyiqlar avvalambor o‘ta sezgir bo‘lgan homilaga, jumladan, to‘ppa-to‘g‘ri uning buyrak tizimiga ta’sir qiladi. Natijada, buyrak koptokchalari yoki kanalchalarining qisman, butunlay ishlamasligi, bitta buyrakning mutlaqo bo‘lmasligi yoki buyraklarning meyordagidan ko‘proq (3 4 ta bo‘lishi), qovuqning oldingi devori bo‘lmaganligi sababli, oldinga chiqib qolishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun homilador onani iloji boricha yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ruhiy va jismoniy zo‘riqishlardan himoya qilish, dastlabki uch oy mobaynida nihoyatda asrash talab etiladi.

Orttirilgan buyrak kasalliklariga esa buyrak koptokchalarining yallig‘lanishi (glomerulonefrit), buyrak kanalchalarining yallig‘lanishi (piyelonefrit) va qovuqning yallig‘lanishi (sistit), buyrak yoki qovuqda tuz va toshlarning paydo bo‘lishini keltirib o‘tishimiz mumkin. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi o‘rtasida glomerulonefrit hamda buyrak-tosh kasalliklari ko‘proq uchramoqda.

– Farzandlarimiz bolaligidan qancha ko‘proq harakatda bo‘lsa, o‘rtoqlari bilan turli harakatli o‘yinlar o‘ynasa, ularda ushbu kasallikning paydo bo‘lish ehtimoli shunchalik kamayadi. Buning sababi bolalar harakatda bo‘lganda, uning tana a’zolari, jumladan, buyraklari ham faol bo‘ladi. Shu harakat natijasida buyrakda endigina paydo bo‘layotgan tuz va toshlar tushib ketadi. Yoki ko‘p harakat qilgani tufayli bola ko‘proq suv ichadi va o‘z-o‘zidan buyraklar tez-tez yuvib turilishi natijasida ularda tosh va tuzlarga o‘rin qolmaydi. Bu jarayonda ovqatlanish meyori hamda sport bilan shug‘ullanish bir maromda olib borilishi quvonarlidir. Sportning naqadar sog‘lom turmush tarziga bevosita aloqadorligini mana shu birgina misol orqali ham bilib olish mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, qishloqdagi bolalar harakatli o‘yinlarni o‘ynaganliklari, jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullanganliklari bois shaharlik tengdoshlariga qaraganda ularda buyrak-tosh kasalliklari kamroq uchramoqda.

© «Sog‘lom avlod» gazetasi.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

9 комментариев

  1. Buyrakda tuz bo’lsa nima qilish zarur

  2. Tabobatimizda buyrakdagi tuzlarni tushurish uchun tarvuz iste’mol qilish tavsiya etiladi.
    Bundan tashqari kasallikning qanday holatdaligini bilish uchun
    Nefrolog bilan maslahatlashing.
    Balki, buyrakda shamollash kuzatilib, shu og’riq berayotgandir!

  3. Assalomu alaykum Mening bir dostim buyrak kasalligi bilan shifoxonaga borgan ekan lekin u baxtga qarshi chet el fuqarosi tilni esa unchalik yaxshi bilmagani uchun ham aniq tushunchaga ega bololmagan.Dostimning aytishicha buyrak kasaligiga chalingan emish lekin doktorlar operatsiya qilinish kerak debdi.Aytingchi operatsiya qanday hollarda bajariladi.Va qancha vaqt davom etadi?Javobingiz uchun oldindan katta raxmat

  4. Аноним

    3 yoshli bolam kop siyapti nima qilishni maslahat berasiz

    • Siydik ajralib chiqarilishini ham asab sistemasi nazorat qiladi. Shu yerda tungi enurez, ya’ni tunda bola nima uchun tagiga siyib qo‘yishi haqida ikki og‘iz ma’lumot berib o‘tmoqchi edim. Chunki ota-onalar enurez bilan bolasini faqat urologga ko‘rsatib yurishadi. Bolani avvalombor nevropatolog ko‘rishi kerak. Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarning hammasi qotib uxlaydigan bo‘lishadi. Tunda uxlab yotgan bolaning qovug‘i siydikka to‘ladi va buning natijasida qovuqning ichki devorida joylashgan baroreseptorlar (bosimni sezuvchi nerv o‘siqchalari) qo‘zg‘aladi. Ushbu reseptorlarda paydo bo‘lgan signallar orqa miyada joylashgan tos funksiyalarini nazorat qiluvchi markazga uzatiladi. Bu yerda signallar qayta ishlanib bosh miyaga uzatiladi. Bosh miyaga signal yetib kelgach bola uyg‘onishi kerak. Chunki qo‘shimcha ravishda kelgan har qanday signal bosh miyada qo‘zg‘alish o‘chog‘ini hosil qiladi va buning natijasida uxlab yotgan odam uyg‘onadi. Masalan, qattiq tovush eshitsangiz, biror joyingiz og‘rib qolsa, soat jiringlasa yoki yomon tush ko‘rsangiz uyg‘onib ketishni bunga misol qilish mumkin.
      Biroq bola uxlab yotaveradi. Orqa miya esa bosh miyadan javob olmaguncha unga “Bolani uyg‘ot” deb signal yuboraveradi. Bosh miya esa shirin uyquda! Buyrak esa siydik ajratib chiqarib qovuqni to‘ldirish bilan ovora. Qovuq siydikka to‘lib, yanada kattalashaveradi. Baroreseptorlar esa orqa miyaga tinmay signal yuboraveradi. Orqa miya ham bu signallarni o‘sha zaxoti tinmay bosh miyaga yetkazaveradi. Endi bu SOS signaliga aylanadi! Bosh miya esa hamon shirin uyquda. U hech qanday signallarni qabul qilmayapdi. Hech qanday iloji qolmagan orqa miya qovuq bilan til biriktirib “Bolani siydirish haqida o‘zlari qaror qabul qilishadi”. Uxlab yotgan bola to‘shakka siyib yuboradi. Qovuq siydikdan bo‘shaganligi haqida orqa miyaga yana signal yuboradi. Orqa miya bu signalni yana bosh miyaga jo‘natadi. Endi bosh miyaga signal nafaqat bo‘shagan qovuqdan, balki to‘shakdagi siydikka bo‘kkan terida joylashgan reseptorlardan ham yuboriladi. Ketma-ket kelib turgan signallardan bosh miya uyg‘onib ketadi. Biroq endi kech edi!
      Agar enurez yengilroq bo‘lsa, bola tagiga siygandan keyin uyg‘onib ketadi. Og‘ir kechuvchi enurezlarda bola tagiga siysa ham uxlab yotaveradi. Bola faqat uyquga to‘ygach yoki onasining baqir-chaqirig‘i va do‘mboq joyiga tekkan shapoloqdan uyg‘onadi.
      Xo‘sh tagiga siyadigan bolaning qattiq uxlash sababi nimada? Yoki nima uchun ba’zi bolalarda enurez bir necha yillab davom etadi? Bola aslida uzog‘i bilan 2-3 yoshdan keyin tagiga siymasligi kerak. Enurezning sabablari ko‘p bo‘lib, ularni umumlashtirib oladigan bo‘lsak, bosh miya va orqa miya tuzilmalarining funksional jixatdan yaxshi takomillashmaganidir. Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarda markaziy asab sistemasida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari juda sust rivojlangan bo‘ladi. Bosh miya tomondan signallarning qabul qilinmasligi yoki bu signallarning bosh miyada yetarli darajada qo‘zg‘alish hosil qila olmaslik sababi ana shunda.
      Enurez bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasida nevrasteniya belgilari aniqlanadi, ular o‘ta injiq bo‘ladi. Aksariyat bolalar esa jismoniy nimjon ham bo‘lishadi. Ularning ota-onalari ham yoshligida enurezdan aziyat chekkan bo‘ladi. Shaharlik yoki “dom” da yashaydigan bolalarda enurez ko‘p uchraydi. Chunki, ular toza havoda kam bo‘lishadi, juda ko‘p vaqtini televizor va kompyuter ekranlari oldida o‘tkazishadi, qo‘l telefonlarini ko‘p o‘ynashadi. Demak, enurezning oldini olishda va xattoki davolashda faol jismoniy harakatlar o‘rni juda katta. Shu yerda muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadigan bolalarda enurez umuman uchramasligini aytib o‘tmoqchi edim.
      Enurezni davolash kerakmi? Ba’zida enurezni masxus davolash talab qilinmaydi. Biroq bolani albatta vrachga ko‘rsating. Agar bolangizda enurezga sababchi bo‘luvchi jiddiyroq kasallik topilmasa, uni sport to‘garaklariga bering. Xatto velosiped haydab yoki yaxshigina futbol o‘ynaydigan bolalarda ham tagiga siyib qo‘yish kam kuzatiladi yoki enurez yo‘qolib ketadi. Nima uchun? Chunki yugurish va velosiped haydash tos a’zolari faoliyati bilan bog‘liq orqa miyadagi markazlarning qo‘zg‘aluvchanlik faoliyatini kuchaytiradi va chiniqtiradi. Enurez bilan xastalangan bola katta bo‘lganda jinsiy zaif bo‘ladimi, deb so‘rashadi. Yo‘q! Biroq bola hadeb tagiga siyaversa, uning jinsiy a’zolari shamollab qolishi mumkin. Bolani albatta nevropatologga ko‘rsatib davolatish kerak. Bemorni qanday davolashni vrach individual tarzda hal qiladi.

      Asl manba:
      http://avitsenna.uz/bola-nega-siyib-qoyadi/

  5. шохсанам

    2.5 йошли кизимни чап буюраги ката гохида огриб туради анализлари яхши бу нима сабабдан булиши мумкин

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*