«Bezovta oyoqlar» sindromi nima?

Bu sindromga XIX asr boshidayoq fransuz vrachlari e’tibor qaratishgan. «Bezovta oyoqlar» sindromi niqoblangan depressiyaning bir turi bo‘lib, bu kasallikda kechasi va tunda oyoqda turli xil yoqimsiz og‘riqlar paydo bo‘ladi, ular kunduz kuni va harakat qilgan paytlarda o‘tib ketadi.

Hammasi tunda boshlanadi…

Bemorning oyog‘iga xuddi birov nina bilan sanchgandek, tovoni tagi yonib turgandek, go‘yoki oyoqlarining ustiga qizib turgan qum sepib qo‘yilgandek tuyuladi, oyoqlari bir qizib, bir sovib ketadi. Bularning hammasi tunda boshlanadi, bemor uxlay olmay xonama-xona yurib chiqadi. Tong otishi bilan esa bu belgilar o‘z-o‘zidan tarqab ketadi.

Nevrologik tekshiruvlar zarur

Kunduzi bemor hech narsaga shikoyat qilmaydi. Bu bemorda nevrologik buzilishlar aniqlanmaydi. «Bezovta oyoqlar» sindromiga to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun nevrologik tekshiruvlar o‘tkazish va oyoq qon tomirlarini tekshirish zarur. Agar bu tekshiruvlar boshqa bir kasallikni aniqlamasa, demak bemorda bezovta oyoqlar sindromi bo‘lishi mumkin.

Davosi qanday?

Ularni nevropatolog, neyropsixolog yoki tibbiy psixolog davolashi kerak. Buning uchun oyoqlardagi bu holatlarni bartaraf etadigan maxsus neyropsixologik ta’sirga ega dorilar qilinadi yoki bu dorilar ikkala oyoqqa fizioterapevtik yo‘llar bilan yuboriladi. Shuningdek, igna bilan davolash, asab va ruhiyatni chiniqtiruvchi muolajalar o‘tkazish juda samaralidir. Spirtli ichimliklar ichish va sigaret chekish mumkin emas. Chunki, surunkali ravishda aroq ichadigan va sigaret chegadiganlarning 30 foizi “bezovta oyoqlar sindromi” ining og‘ir turlaridan aziyat chekishi isbot qilingan. Ko‘p asabiylashaverish bu kasallikni kuchaytiradi.

Diqqat! Narkotik ta’sirga ega, og‘riq qoldiruvchi va uxlatuvchi ta’sirga ega dorilarga ruju qo‘yish ham bezovta oyoqlar sindromi rivojlanishiga olib keladi.

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*