4.4
(43)

Umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlarning surunkali autoimmun yallig‘lanishi Bexterev kasalligi deyilib, uning klinik alomatlari nevrolog rus olimi Vladimir Bexterev tomonidan ilk bor batafsil bayon etilgan. Shu bois bu kasallik olim nomi bilan ataladi.

Kasallik irsiy xarakterga ega. Asosan 15-30 yoshlilar o‘rtasida kuzatiladi va erkaklarda ayollarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Bunda umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza qismi, so‘ngra ko‘krak va bo‘yin hamda kamroq hollarda boshqa bo‘g‘imlar zararlanadi.

Ankiloz — bo‘g‘im suyaklarining qotishi

Bexterev kasalligi umurtqalararo bo‘g‘im, paylar, boylamlar, bo‘g‘imlar va bo‘g‘imlarni o‘rab turuvchi kapsulalarning yallig‘lanishi va suyak to‘qimasining o‘zgarishlari bilan kechadi. Bo‘g‘im va to‘qimalarning surunkali tarzda bir-biriga yallig‘lanib yopishishi oqibatida umurtqa pog‘onasi suyaklarining qotishi (ankiloz) ro‘y beradi.

Bemorning butun umri davomida asta-sekinlik bilan rivojlanadigan Bexterev kasalligida harakat borgan sari kamayib, bemorning qaddi-qomatida yoysimon o‘zgarish (ko‘pincha bukchayib yurish holati) ro‘y beradi. Uzoq yillar davomida umurtqa pog‘onasining yallig‘lanishi oqibatida qomat egilgan holatga keladi.

Organizmning kasallikka qarshi kurash kuchi (immuniteti) pasayishi, surunkali dardlar, ichak va siydik yo‘li infeksiyalari, murtak bezlarining yallig‘lanishi, gripp va boshqa viruslar, sovuqqotish, shikastlanish, zax va noqulay ish sharoitlarida mehnat qilish Bexterev kasalligi kelib chiqishida muhim rol o‘ynaydi.

Og‘riqlar jismoniy harakat vaqtida kamayadi va tunda, tunning ikkinchi yarmida kuchayadi. Ertalablari bel-dumg‘aza qismi qotib turishi, harakatining cheklanishi bezovta qiladi.

Bexterev kasalligining bir necha turlari

Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorlarni uzoq vaqt davomida bel-dumg‘aza sohasi og‘riqlari bezovta qiladi, bunda dumg‘aza suyagining chanoq suyagi yonbosh qismiga birikkan qismida (bo‘g‘imda) yallig‘lanish ro‘y beradi (sakroileit).

Bemor ko‘p vaqt tik turganda yoki o‘tirganda belning tez toliqib qolishi ro‘y beradi. Mehnat faoliyati susayib boradi, bemor ozadi. Bel-dumg‘aza sohasidagi og‘riq dumba va son yonbosh qismi bo‘ylab pastga tarqalishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kam harakat qiluvchilar uchun uchta mashq

Markaziy turida faqat umurtqa pog‘onasi zararlanadi, qaysi qismi ko‘proq zararlanishiga qarab og‘riqlar shu sohani ko‘proq bezovta qiladi. Kasallik bel-dumg‘aza sohasidagi og‘riq bilan boshlanadi.

Ko‘krak umurtqalarining zararlanishida og‘riq ko‘krak qafasida, qovurg‘alarda, to‘sh sohasida bo‘ladi, ko‘krak qafasi ekskursiyasining kamayishi hisobiga nafas olishi qiyinlashadi. Og‘riq harakat paytida, chuqur nafas olganda, yo‘talganda ham kuchayadi.

Bo‘yin umurtqalari zararlanganda bemorlarni bo‘yindagi og‘riq bezovta qiladi, bo‘yin harakati chegaralanadi, yon-atrofga butun gavdasi bilan qayrilib qaraydi. Umurtqa pog‘onasi yon mushaklari taranglashgan ko‘rinishda bo‘ladi.

Rizomiyelik turida umurtqa pog‘onasi bilan bir vaqtda unga yaqin bo‘lgan bo‘g‘imlar: yelka, chanoq-son bo‘g‘imlari zararlanadi. Bemorlarda yelka, chanoq-son bo‘g‘imlarida og‘riq turadi. Bemorning qo‘l harakati cheklanib, o‘tirib-turishi qiyinlashadi, oyog‘ini bukish harakati chegaralanadi.

Periferik turida umurtqa pog‘onasi, tizza, boldir-tovon bo‘g‘imlari zararlanadi. Bunda umurtqa pog‘onasida og‘riq bilan bir vaqtda tizza, boldir-tovon bo‘g‘imlarida ham og‘riq, shish kuzatiladi.

Skandinav turida umurtqa pog‘onasi bilan bir vaqtda revmatoid artritga o‘xshash tarzda qo‘l panja bo‘g‘imlari ham zararlanadi. Bunda umurtqa pog‘onasida og‘riq, qo‘l panja bo‘g‘imlarida ham og‘riq, shish, ertalabki 30 daqiqadan – 2-3 soatgacha bo‘g‘imlar qotishi kuzatiladi. Bunday bemorlar ko‘pchilik hollarda revmatoid artrit tashhisi asosida davolanib yurishadi. Kasallikka rentgenologik tekshirishlar oydinlik kiritadi.

Umurtqa pog‘onasining o‘zgarishiga qarab yana ikki turi farq qilinadi, birinchisi – kifotik turi bo‘lib, u kishi gavdasining egilib borishi va bukrilik rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi rigid turida umurtqa pog‘onasi tik ko‘rinishda bo‘lib bemor gavdasining kekkaygan holati bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zi hollarda umurtqa pog‘onasi, bo‘g‘imlar bilan bir vaqtda ko‘z, aorta, buyraklar, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, o‘pka-nafas yo‘llari a’zolari ham zararlanishi mumkin.

Muolajani to‘xtatmaslik kerak

Tekshiruvlarda qon tahlilida kamqonlik, ECHT 30-60 mm/s qadar oshishi qayd etiladi. Rentgenologik tekshiruvda ikki tomonlama sakroileit 2-4 darajasi va umurtqalararo spondiloartrit aniqlanishi Bexterev kasalligi tashhisi qo‘yish uchun yetarli asos bo‘la oladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bedana tuxumi tarkibi va foydali xususiyatlari

Bexterev kasalligiga shubha qilinganda odamda HLA V27 antigeni mavjudligini aniqlash kerak bo‘ladi, ushbu antigenning aniqlanishi bu kasallikka irsiy moyillik borligidan dalolat beradi. Ushbu antigen 80-90% bemorlarda aniqlanadi.

Bemorlar butun umri davomida davolanib yurishlari lozim. Imkon topilsa, har 6 oyda bir marotaba statsionar sharoitida yotib muolaja olishlari kerak. Muntazam ravishda mahalliy sharoitda revmatolog nazoratida bo‘lishi va tekshiruvlardan o‘tib turishi zarur. O‘zbilarmonlik bilan davolanish tavsiya etilmaydi. Dori vositalari yordamida, jismoniy tarbiya va fizioterapevtik usullardan foydalaniladi. Bu esa kasallik uzoq davr oralig‘ida remissiya (tinch holat) da bo‘lishi imkonini yaratadi.

Alohida tavsiyalar

  • Og‘ir yuk ko‘tarishdan saqlaning.
  • Agar kun bo‘yi o‘tirib ishlashga to‘g‘ri kelsa, har ikki soat oralig‘ida o‘rningizdan turib umurtqani harakatga keltiruvchi yengil mashqlarni bajaring.
  • Uxlaydigan o‘rningiz juda yumshoq bo‘lmasin, taxta karovatda yotganingiz ma’qul.
  • Ertalab o‘rindan turishdan avval obdon kerishing, gavdangizni shunday cho‘zingki, umurtqalaringiz tortilayotganini o‘zingiz ham his eting.
  • Qaltis harakat qilishdan, yelvizakda o‘tirishdan va ayniqsa infeksion kasalliklarga chalinib qolishdan o‘zingizni asrang.
  • Qishda chang‘i uchish, yozda suzish mashg‘ulotlarini bajarib turing. Umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlar uchun shifokor tavsiya etgan mashqlarni muntazam bajarib yurish foydali.

© Alisher HAMROYEV,
oliy toifali travmatolog-ortoped, tibbiyot fanlari doktori.

«Sihat-salomatlik» jurnali.