“Bebosh bola” sindromi (4-qism)

Bebosh bolalarni davolash va oldini olishda ota-onalar faol ishtirok etishlari va quyidagi maslahatlarga amal qilishlari zarur. Birinchidan, ota-ona bolaning «yomon qilig‘idan» keyin jahlga erk bermasligi va bolani urishib tashlamasligi kerak. Nima bo‘lganini aniqlab, bolani qo‘llab-quvvatlab, uning xatosini tushuntirib berishi lozim. Ba’zan bu shart ham emas, chunki har gal uning xatosini tushuntiraverish teskari natijalarga olib keladi. Xatoni tuzatishdan ko‘ra, uning oldini olish oson.

Chunki biror narsaga intilgan bola xato qiladi. Shuning uchun ham uning intilishlarini rag‘batlantirish lozim.Ikkinchidan, ota-ona bolaga nisbatan qattiq va keskin iboralardan, qo‘rqitishlardan o‘zini tiyishi, bolaga zarda qilmasligi va g‘azab bilan gapirmasligi kerak. Har qanday holatda ham uni kamsitmang. «Yo‘q!», «Mumkin emas!», «Hali mendan ko‘rasan!», «Bas qil!» kabi iboralarni ko‘p ishlatmang. Bolaga bu so‘zlar ta’sir qilmay, uni o‘jar qilib qo‘yadi. Ba’zi hollarda bola depressiyaga tushib, gapirmay qoladi. Bu holat, ayniqsa 3–5 yosh bolalarda ko‘p kuzatiladi. Uchinchidan, iloji boricha bolaga alohida xona qilib berish va ushbu xonani turli narsalar (o‘yinchoqlar, qiziqarli kitoblar, «lego» va shunga o‘xshash moslamalar) bilan boyitish zarur.

Bolaning xonasidagi narsalar yaltiroq va qizil rangda bo‘lmagani ma’qul. Bolani uzoq davom etuvchi multfilmlar va kattalar ko‘ruvchi kinofilmlardan asrang. Televizor yonida uzoq o‘tirish bolaning asabi va ruhiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Bolani sportning biror turiga bering, uning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirib boring.
Hali fanda to‘la isbotini topmagan bitta misolni keltirib o‘taman. Uyida yolg‘iz qolgan homilador ayol zerikkanidan pianinoda faqat o‘ziga yoqqan bitta kuyni chalib o‘tirardi. Bola tug‘ilganidan keyin xuddi shu kuy chalinsagina tinch uxlaydigan bo‘lib qoladi. Bu o‘ziga xos fenomen hanuzgacha ilmiy tomondan tasdiqlangani yo‘q. Hayotda bunga o‘xshash misollar ko‘p. Masalan, homiladorlik davrida hadeb ruhan ezilaveradigan ayol ruhan nuqsonli bola tug‘ish ehtimoli juda yuqori.

Tarbiya – o‘ta og‘ir fan!

Tarbiya erta bolalik davridan boshlanishi kerak deyishadi donolar. Chunki insonning shaxs sifatida shakllanishi juda erta boshlanadi. Bolaning hulq-atvori shakllanishida kattalar, avvalambor ota-onasining xulq-atvori o‘ta muhim ahamiyatga ega. Doimo janjal bo‘ladigan, ichkilik ichiladigan, kitob mutolaa qilinmaydigan oilada yaxshi farzand voyaga yetishi ancha murakkab. Bola ota-onaning yaxshi fazilatlariga ham, yomon qilig‘iga ham taqlid qiladi. Hali bolada bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i funksional jihatdan to‘la shakllanmaganligi sababli ularda yaxshi-yomonni tahlil qilish imkoni past bo‘ladi. Bolani hayotga o‘rgatib borish, uning tafakkuriga mos hikoyalar, ertaklar aytish, hayotdan misollar keltirib borish bolada hayotga qiziqish uyg‘otadi, insonlarga mehr-muhabbatli bo‘lishga undaydi.

“Bolamni ilmli qilaman” deb, uni mayib qilib qo‘ymang!

Agar ota-ona bolada fan, san’at yoki hunarning qaysidir bir turiga qobiliyatini sezib qolsa, unga har tomonlama yordam berib, barcha sharoitni yaratib berishi zarur. Lekin bolani ilmli qilaman deb, unga keragidan ortiqcha talab qo‘yib yuborish, dars qilishga majbur qilaverish, ko‘chada biroz o‘ynagani qo‘ymaslik og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunga shunday misol keltirish mumkin. Hali 8 yoshga to‘lmagan G. ismli qizchani menga ko‘rsatishdi. Qizcha bosh og‘rig‘idan shikoyat qilar edi.

Qizning ota-onasi menga “Vrachlar qizimizda bosh og‘rig‘i sabablarini aniqlay olishmayapdi va berilayotgan dorilar foyda bermayapdi” deb shikoyat qilishda. Qizchani tekshirayotib shu narsaga amin bo‘ldimki, u umuman kam so‘zlar, bir nuqtaga qarab turaverar, men bergan savollarga zo‘rg‘a javob berar edi. O‘zi haqida so‘zlab berishni iltimos qilsam, faqat boshi og‘rishini aytdi. Unda depressiya va autizm alomatlarini aniqladim. Qiz avval hech qanday kasal bo‘lmagan, miya jarohatlari olmagan, ichki a’zolari ham sog‘lom edi. Qizchadan boshing doimo og‘riydimi, og‘rimagan payti bormi deb so‘rasam u: «Ha, doimo og‘riydi, lekin noyabr oyida og‘rimadi», deb javob beradi (bemor fevral oyida tekshirilayotgan edi).

O‘qitish kuchaytirilgan maktab…

Qizdagi bosh og‘riqning sabablari har tomonlama tekshirib, kasallik anamnezi yaxshilab o‘rganimdan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qizni 6 yoshligidan boshlab o‘qitish kuchaytirilgan maktabga berishgan. Bundan tashqari, qizcha maktabdan qaytganda ingliz tili o‘qituvchisi uyda u bilan mashg‘ulot olib borgan, so‘ng esa ota-onasi qizchaning bilimini tekshirish bo‘yicha doimo savol-javoblar o‘tkazgan. Qizcha 6 yoshga to‘lganidan so‘ng ko‘chaga tengdoshlari bilan o‘ynagani chiqishga qo‘yilmagan.

Albatta, bolaga qo‘yilgan bu ortiqcha talablar uni ruhan charchatib qo‘yadi. O‘qituvchilar va ota-onasi oldida doimiy mas’uliyat sezgan qizchaning miyasi doimo hissiy zo‘riqishda bo‘lib, bora-bora u kamgap, faqat savollargagina javob beradigan, o‘z tengdoshlari bilan o‘ynamaydigan bo‘lib qoladi. So‘ngra esa qizchada doimiy bosh og‘riq rivojlanadi. Noyabr oyida esa qizcha maktabdan ta’tilga chiqqan, otasi esa boshqa shaharga xizmat safariga ketgan edi. Qizcha bu davrda, tabiiyki dars qilmagan va ko‘p vaqtini toza havoda o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazgan. Bundan xulosa qilib, qizchaning ota-onasiga barcha talablarni kamaytirish, ularni qizning yoshiga moslash, ingliz tilini o‘qitishni vaqtincha to‘xtatish, toza havoda sayr qilishga imkon berish zarurligi tavsiya qilindi. Bu talablar bajarilgandan so‘ng qizchada depressiya va autizm alomatlari (kamgaplik, ishtaha yo‘qligi, hech narsaga qiziqmaslik va bosh og‘rig‘i) o‘tib ketdi.

Bundan xulosa shuki, ko‘pchilik asab va ruhiy buzilishlarning sababi noto‘g‘ri hayot tarzi, ortiqcha hissiy zo‘riqish, yoshga mos bo‘lmagan talablarning qo‘yilishidir. Bu salbiy omillar bartaraf qilinmas ekan, dori-darmonlarning ta’siri ko‘zlangan natijani bermaydi.

O‘smir — hali kechagi bola, lekin u hali  katta kishi ham emas!

Psixologiya va tibbiyotning eng dolzarb muammolarga to‘la bo‘lgan davr — bu o‘smirlik davridir. O‘smirlik davrida nafaqat ruhiy o‘zgarishlar, balki aqliy va jismoniy o‘zgarishlar ham keskin kechadi. Bu davr — o‘tish davridir. O‘smir — hali kechagi bola, lekin u hali katta kishi ham emas. O‘smir o‘z oldida turgan muammolarni o‘zi yechishga ruhan hali tayyor bo‘lmasligi mumkin. Lekin uni hali sen yoshsan deb hadeb tergayverish, unda qaysarlikni yuzaga keltirishi mumkin.

O‘smirning mustaqilligini tan olgan holda, uning oldida har bir narsaga mas’uliyat hissini tug‘dirib borish o‘ta muhim. U yechishi kerak bo‘lgan muammolardan qo‘rqmasligi, shu bilan birga, bu muammoga yengiltaklik bilan qaramasligi kerak. Bu davrda o‘smir uchun eng katta muammolardan biri seksual muammodir. Qizlarda esa hayzning kelishi ham chuqur hayajonlanishlar, qo‘rquvlar bilan kechishi mumkin. Bunday paytlarda ota-onasi va yaqinlarining maslahati juda zarur. Vrach-psixologning vazifasi esa o‘smirda kechayotgan jarayonlarni o‘z vaqtida hal qilib borishdan iborat. Sport va badantarbiya mashqlarini bajarish, mehnatning o‘ziga yoqqan turlari bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirib borish o‘smir uchun g‘oyat muhimdir.

Buyuk mutafakkir Suqrot aytgan ushbu so‘zlarni barcha bog‘cha, maktab peshtoqlariga va bolalar dam olish maskanlariga katta harflar bilan yozib qo‘ying:

“Bolalar yashashni hayotdan o‘rganadilar! Agar bola tanqid qilinaversa, u nafratlanishni o‘rganadi, agar bola adovatda yashasa, u tajovuzkorlikka o‘rganadi, agar bola masxara qilinsa, u indamas, odamovi bo‘lib qoladi, agar bola hadeb tanqid qilinaversa, u o‘zini gunohkor his qilib o‘sadi. Agar bola sabr-toqat, xotirjamlik bilan o‘stirilsa, u boshqalarni tushunishni o‘rganadi, agar bola qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z kuchiga ishonishni o‘rganadi, agar maqtalsa, u minnatdor bo‘lmoqlikni o‘rganadi. Agar bola vijdoniylik va halollikda ulg‘aysa, u adolatli bo‘lishni o‘rganadi, agar havfsizlikda yashasa, u insonlarga ishonishni o‘rganadi”.

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.

Maqolaning ilk qismlari:

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*