“Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari (Davomi)

Savol: Bolalarda asab buzilishlarining belgilari qanday namoyon bo‘ladi? Tashxis qo‘yishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

Javob: Bolalarda kuzatiladigan asabiy-ruhiy buzilishlar alomatlari turli-tumandir. Jahldorlik, ishtaha pasayishi yoki yo‘qolishi, uyqu buzilishi, ruhan tez charchab qolish, fanlarni o‘zlashtirishning susayib ketishi, xotira pasayishi, qo‘rqish kabi belgilar shular jumlasidan. Asabiy-ruhiy buzilishlar ba’zi bolalarda xavotir, qo‘rquv va ko‘p terlash bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, qo‘llar titrashi, duduqlanib gapirish va enurez ham kuzatilib turadi.

Giperdinamik sindrom va tiklar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu sindromlar bolalar orasida ko‘p tarqalgan.
Beo‘xshov harakatlari juda ko‘p, jaxldor, yig‘loqi, ota-onasining gapiga kirmaydigan, o‘z bilganidan qolmaydigan, parishonxotir, aka-ukalari va o‘z tengdoshlari bilan chiqisha olmaydigan, o‘jar va qaysar bolalarda uchraydigan simptomlar majmuasiga giperdinamik sindrom deb aytiladi.

Shuningdek, ushbu sindrom turli xil nomlar bilan ataladi: “Giperaktiv sindrom”, “Miyaning minimal disfunksiyasi”, “Giperkinetik sindrom” va h.k. Menimcha bu sindromga yana bir nom berish lozim, ya’ni “Bebosh bola” sindromi. Nima uchun? Chunki giperdinamik sindrom alomatlarini darrov aniqlab olish qiyin bo‘lib, ota-onalar bolam gapga kirmaydigan bebosh bo‘lib qolgan deb o‘ylashadi va vrachga yoki psixologga murojaat qilmay yurishadi. Keyin bora-bora bola yuzi-ko‘zida har xil uchishlar (tiklar) paydo bo‘lgandan keyin qo‘rqib vrachga chopib kelishadi. Keling keng ommaga tushunarli bo‘lsin uchun ushbu sindromni “Bebosh bola” sindromi deb ataymiz.

Savol: “Bebosh bola” sindromining sabablari nima?

“Bebosh bola” sindromining shakllanishida ijtimoiy omillar, ya’ni oilaviy sharoit yoki nasliy omillar asosiy ahamiyatli bo‘ldimi yoki yo‘qmi, buni aniqlash qiyin. Ba’zi mutaxassislar fikricha, oiladagi janjal va mojarolar hamma vaqt ham ushbu sindrom rivojlanishiga sabab bo‘lavermaydi. Chunki bola ham janjalli sharoitga ko‘nikib ketib, oiladagi mojarolarga e’tiborsiz bo‘lib qolishi mumkin. Biroq, ushbu janjallar va tergovlar aynan bolaga qaratilgan bo‘lsa, albatta bu vaziyat bebosh bola sindromi shakllanishiga turtki bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.
“Bebosh bola” sindromi o‘g‘il bolalarda qizlarga qaraganda ko‘p uchraydi. Bu sindrom belgilari erta maktab yoshida yaqqol namoyon bo‘ladi va o‘smirlik yoshiga ham o‘tadi. Muntazam ravishda davolanmagan bolalarda uning alomatlari katta yoshda ham saqlanib qoladi.

“Bebosh bola” sindromi rivojlanishini homila davridagi kasalliklar bilan ham bog‘lashadi. Bugungi kunda ushbu sindromga genetik moyillik mavjudligi haqida ham ma’lumotlar bor. Chunki ushbu kasallik aniqlanganlar ota-onasining 30 foizi bolalik davrida bebosh bo‘lgan bo‘lishadi. Ayniqsa, ota-onadagi psixopatologik xarakter, spirtli ichimliklarga moyillik va giyohvandlik bolaga o‘tishi mumkin.

Savol: “Bebosh bola” sindromi qanday namoyon bo‘ladi?

Javob: Bolani tekshirayotgan har bir vrach tashxis qo‘yishga shoshmasdan uni bir necha kun kuzatishi lozim. Bu yerda bolaning hayot tarzi va o‘tkazgan kasalliklarini chuqur o‘rganish zarur. Agar bolada ushbu sindromni yuzaga keltiruvchi asab kasalliklari aniqlanmasa, bu sindromning rivojlanishida yaqin orada bo‘lib o‘tgan oila, maktab yoki ko‘cha-kuydagi janjallar sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin va h.k. Odatda hulq-atvorning bunday buzilishlari vaziyat to‘g‘irlangandan keyin o‘tib ketadi.

Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun avvalambor kasallik va hayot anamnezini yig‘ish o‘ta muhim. Bunda onaning homiladorlik, bola tug‘ilgan vaqti va tug‘ilgandan keyingi davrdagi kasalliklar turtki bo‘lishi mumkin. Uning qanday oilada o‘sib-ulg‘aygani, oila a’zolarining o‘zaro munosabati, temperamenti, ijtimoiy kelib chiqishi xronologik tarzda o‘rganiladi. “Bebosh bola” sindromiga olib keluvchi barcha omillar o‘zaro solishtiriladi va ularning ushbu sindrom rivojlanishidagi o‘rni aniqlanadi. Bebosh bola sindromini aniqlash uchun faqat ota-onadan yig‘ilgan ma’lumotlar yetarli emas. Uning o‘qituvchilari, tarbiyachilari va birga o‘ynaydigan yaqin o‘rtoqlaridan ham ma’lumotlar yig‘ish zarur.

Bebosh bola sindromining asosiy belgilari bola irodasi, his-tuyg‘ulari va xulq-atvorining buzilishlaridan iborat. Bular: 1) impulsiv (tezkor) harakatlar; 2) bir joyda tinch o‘tira olmaslik; 3) boshlagan o‘yinni oxiriga yetkazmaslik; 4) birovning (ayniqsa, ota-onaning) gapiga quloq solmaslik; 5) o‘z bilganidan qolmaslik, qaysarlik; 6) diqqatning pasayishi, uquvsizlik; 7) atrofdagilar ishiga va boshqa bolalar o‘yiniga aralashish, ularga xalaqit berish; 8) tez-tez janjal chiqarish, ukalariga azob berish yoki ularga butunlay befarqlik; 9) o‘zining narsalarini bog‘chada, maktabda yoki boshqa joyda unutib qoldirish; 10) berilgan savolga shoshib javob berish; 11) tez xafa bo‘lish, yig‘loqilik; 12) enurez (tagiga siyish); 13) boshi og‘rib turishi; 14) fikrining tez chalg‘ishi; 15) sergaplik.

Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?

Savol: Bebosh bola sindromi belgilari yoshga qarab o‘zgarib boradimi?

Javob: Bebosh bola sindromi belgilari odatda 5-7 yoshlar orasida ko‘zga tashlana boshlaydi, vrach yoki psixologga murojaat qilish davri 8-11 yoshlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrgacha ota-ona vaziyatni faqat tarbiyalash yo‘li bilan to‘g‘irlashga harakat qiladi. Bu yo‘l yordam beravermagach vrachga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Albatta bu davr dastlabki maktab yoshi bo‘lib, bola uchun katta sinov davridir! O‘smirlik davri boladan diqqat-e’tibor va maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni talab qiluvchi davrdir.

Aynan mana shu xususiyatlar bebosh bola sindromida turli darajada o‘zgargan bo‘ladi va bolada o‘qishga qobiliyat bo‘lsa-da, hulq-atvorning yuqorida ko‘rsatilgan buzilishlari uning maktabda yangi mavzularni o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiladi.
Bolaning yoshi o‘tgan sayin tezkor harakatlar boshqacha tus ola boshlaydi. Erta maktab yoshidagi bolalarda o‘z aytganidan qolmaslik, agar u noto‘g‘ri bo‘lsa-da, boshqalar fikriga betoqatlik, ustozining ham talablarini noto‘g‘ri qabul qilish, o‘zini haq, boshqalarni esa nohaq deb qabul qilish shakllanadi.

O‘smirlik yoshida ushbu sindrom biroz boshqacha tusda namoyon bo‘ladi. Ular kichik o‘g‘irliklarga qo‘l urishi, boshqa bolalarga tan jarohati yetkazishi, papiros cheka boshlashi, ota-onaga jahl qilib uydan chiqib ketishi, arzimagan xafagarchilikdan o‘z joniga qasd qilishi mumkin. Bunday holatlar o‘ta darajada havfli bo‘lib bolani albatta psixologga ko‘rsatish va u bilan bo‘ladigan maktab, oila va mahalladagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi. Bola o‘sgan sayin uning qiliqlari ijtimoiy xavfli bo‘lib boradi.

Bu esa ota-onalar va maktab o‘qituvchilaridan o‘ta ziyraklikni talab qiladi. Maktab o‘qituvchilari bola hulq-atvorida paydo bo‘lgan har qandy nojo‘ya harakatlarni sezsa darrov uning ota-onasi bilan bog‘lanishi maqsadga muvofiq. Shu yo‘l bilan ular o‘smirda to‘satdan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yomon illatlarning oldini olgan bo‘lishadi. Maktab va kollejlarda psixologlar har oyda bir marta bolalar bilan turli mavzularga oid tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan suhbatlar o‘tkazib turishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Bunday suhbatlar o‘smirlarda kuzatiladigan suitsidal urinishlarning oldini oladi.

Bebosh bola sindromi ba’zida o‘ta sustlik, yalqovlik, yig‘loqilik, hech narsaga qiziqishning yo‘qligi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bolani melanxolik bola deb atashadi. U o‘ziga do‘st topib olishda juda qiynaladi, topgan do‘sti bilan ham chiqishmay arazlab yuradi. Bunday bolalar qanday tezlikda do‘st topishsa, shunday tezlikda ularni yo‘qotishadi. Ruhiy tomondan tez charchab qoladigan bunday bolalar o‘z tengilari bilan emas, o‘zidan yoshi kichik bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘rishadi. Chunki ularga hukmini o‘tkaza oladi-da.

Bebosh bola sindromi aniqlangan bolalarning katta yoshdagilar bilan munosabati ham yaxshi kechmaydi. Chunki ularning e’tiborini har doim ham maqtov va rag‘batlantirish orqali qozonib bo‘lavermaydi. Shu bilan birga ularni do‘q-po‘pisa bilan tarbiyalash va yo‘lga solish o‘ta noto‘g‘ri yo‘ldir. Bunday usul ularda hulq-atvor buzilishlarini faqat kuchaytirib yuboradi, bola battar o‘jar bo‘lib qoladi yoki aksincha qo‘rqoq bo‘lib o‘sadi.

Ushbu maqolaning boshini o‘qish→

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.

1 ta savol

  1. Asalomualekum, savolim shuki kun davomida holsizlanib yuraman, kunduzi ko’p o’tirish, tepaga qarab yotisam o’zimni yengil his qilaman, ertalab holsizlanib turaman maslahat bering 26 yoshdaman uylanganman.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*