5
(1)

Miyacha qanday vazifani bajaradi?

Miyacha kalla suyagining orqa ensa chuqurchasida joylashgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi tana muvozanatini boshqarishdir. Miyacha ham xuddi bosh miya yarim sharlari kabi ikkita yarim shardan iborat. Uni katta miyaning kichik ukasi ham deyishadi. Miyachaning ikkala yarim shari xuddi ko‘rpani qavm qilgandek bir-biri bilan birlashgan. Ularning birlashgan bu qismi chuvalchang deb ataladi. Chunki u chuvalchang shakliga ega. Miyacha ham xuddi bosh miya katta yarim sharlari kabi tashqi tomondan po‘stloq bilan qoplangan va kulrang tusga ega. Miyachaning po‘stloq neyronlaridan chiquvchi nerv tolalari uning oq moddasini hosil qilishda ishtirok etadi. Miyachaning oq moddasi ichida joylashgan kulrang tusdagi tuzilmalar miyacha yadrolari deb aytiladi. Ular 4 juft bo‘lib tana muvozanati va harakatlar koordinatsiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etishadi.

Tana muvozanati deganda, “Miyacha faqat to‘g‘ri yurish uchun javob berarkan” deb o‘ylamang. Miyacha zararlanganda oyoq-qo‘llarda falajliklar bo‘lmasa-da, odamning bir maromdagi harakat faoliyati izdan chiqadi. Chunki qog‘ozga oddiy nuqtani qo‘yishdan tortib, to inson bajaradigan eng murakkab yirik ishlar ham (masalan, samolyotni boshqarish) miyacha ishtirokisiz amalga oshmaydi. Bizning husnixatimiz chiroyliligi, ravon gapirishimiz, ovqatlanayotganda qoshiqni bemalol og‘zimizga olib kelishimiz, eshikka kalitni tiqib bemalol ochishimiz, choynak-piyolalarni chiroyli qilib taxlab qo‘yishimiz, geometrik figuralar chizishimiz, boringki mushaklar ishtirokida bajariladigan biror-bir harakat miyacha ishtirokisiz ro‘y bermaydi.
Miyacha zararlansa nima bo‘ladi? Mast odamning gandiraklab yurishini albatta ko‘rgansiz. Miyacha zararlansa ham odam xuddi mast odamdek gandiraklab yuradi, g‘o‘ldirab gapiradi va xatto otini ham yoza olmaydi. Uning qo‘lidan narsalar tushib ketaveradi, eshik teshigiga kalitni to‘g‘ri tiqa olmaydi, piyoladagi choyni og‘ziga olib kela olmay to‘kib yuboradi, tugmasini taqa olmaydi va h.k. Shuning uchun ham miyacha harakat faoliyatini koordinatsiya qiladi deb aytamiz. Biroq miyacha zararlansa, odam mast kishiga o‘xshab aqlini yo‘qotmaydi. Chunki miyachada aql markazlari joylashmagan.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Sakkizinchi hakim - sindorlik ( 28-qism )

Orqa miya qanday tuzilgan?

Orqa miya umurtqa kanali ichida joylashgan. Uning uzunligi o‘rtacha 42-44 sm ga teng. Yo‘g‘onligi 2 sm atrofida! Orqa miya yo‘g‘onligi har kimning bosh barmog‘i yo‘g‘onligi qanday bo‘lsa, uning orqa miyasi yo‘g‘onligi ham shunday yoki sal katta. Insonning qo‘l va oyoqlari bilan bajariladigan barcha xatti-harakatlarini amalga oshirishda ushbu ingichka orqa miyaning o‘rni beqiyos. Qo‘l-oyoqlar va tanamizga ko‘rsatilgan har qanday yaxshi va yomon signallar dastlab orqa miyaga boradi. U yerdan esa bosh miyaga uzatiladi. Masalan, biz qo‘limizni bexosdan qaynoq narsaga tegizsak, o‘ylab o‘tirmasdan uni darrov tortib olamiz. Bu reaksiyamiz bir soniyaga ham yetmaydi. Chunki nerv tolalari bo‘ylab impuls bir soniyada 50-60 m tezlikda  harakatlanadi. Sizning qo‘lingiz necha sm? Endi u yog‘ini o‘zingiz hisoblayvering. Reflekslar haqida maktabda ham o‘qigansiz! Tizzaga nevrologik bolg‘acha bilan urganda oyoq qisqarishini hammamiz bilamiz. Refleks – bu turli tashqi ta’sirotlarga organizmning javob reaksiyasi degani.

Refleks qanday paydo bo‘ladi?

Tashqi signal terida joylashgan reseptorlar orqali qabul qilinadi va sezgi tolalari bo‘ylab orqa miyaga yetib keladi. Bu yerda sezgi impulslari harakat impulslariga aylanadi. Harakat impulslari harakat tolalari bo‘ylab qo‘llardagi muskullarga yetib keladi va Siz qo‘lingizni darrov tortib olasiz. Insonning barcha faoliyati reflektor faoliyatdir. Buni isbotlab bergan Pavlov Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Asab sistemasi ichki a’zolarni qanday boshqaradi?

Organizmda hech qanday a’zo yoki to‘qima yo‘qki, asab sistemasining ishtiroki bo‘lmasa. Shuning uchun ham halq orasida “barcha kasalliklar asabdan degan” naql bor. Buning tagida katta ma’no yotibdi.  Asab sistemasi organizmning barcha faoliyatini boshqaradi va nazorat qilib turadi. Biror bir jarayon asab sistemasining ishtirokisiz kechmaydi. Ko‘z yoshi oqishi, so‘lak ajralishi, qon tomirlarda qon oqishi, terlash, siydik ajralib chiqishi kabi har qanday funksiyalar asab sistemasining bevosita ishtiroki va nazoratida ro‘y beradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Uyqu eslab qolishga yordam beradi

Asab sistemasining ichki a’zolar faoliyatini boshqaradigan qismiga vegetativ asab sistemasi deb aytiladi. Vegetativ asab sistemasi simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga ajratiladi. Bularning ikkalasi birgalikda ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turadi. Rasmga qarang.

asab1

Stress va uning organizmga ta’siri

Vegetativ asab sistemasining asosiy tuzilmalari – bular gipotalamus va gipofizdir.

Gipotalamus va gipofiz

Gipotalamus – barcha ichki a’zolar va sistemalar faoliyatini bevosita boshqaradigan miya tuzilmasidir. Obrazli qilib aytganda, bosh miya inson organizmini aql bilan boshqarsa, gipotalamus ularni gormonlar yordamida boshqaradi. Gipotalamus tana harorati, arterial qon bosim, hissiyot, moddalar almashinuvi, ya’ni oqsil, yog‘, uglevod, suv va elektrolitlar almashinuvi uchun javob beradi. Birorta ichki a’zo va sistemaning faoliyati gipotalamus ishtirokisiz ro‘y bermaydi. Gipotalamus ham o‘z vaqtida unga yaqin joylashgan gipofiz bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Gipofizda inson organizmi uchun o‘ta muhim bo‘lgan gormonlar ishlab chiqariladi.

Bu gormonlar ahamiyati shu daraja kattaki, ular keragidan ortiqcha yoki kam ishlab chiqarilsa, xatto tana shakli ham o‘zgarib ketadi. Siz albatta bu haqda eshitgansiz. Agar bolaning bo‘yi o‘smay qolsa, unda gipofiz gormonlarini tekshirish kerak, deb yurishadi. Chunki somatotrop deb atalmish gormon yetarli miqdorda ishlab chiqarilmasa, bolaning bo‘yi o‘smay qoladi. Bunga nanizm deb aytiladi. Aksincha, bu gormon ortiqcha ishlab chiqarila boshlasa, bola tez o‘sib ketadi, yuz va tana xunuk tarzda kattalashadi. Bu holatni akromegaliya deb atashadi.

Miya pardalari nima vazifani bajaradi? Likvor nima?

Bosh miya ham, orqa miya ham 3 ta parda bilan qoplangan. Bular – qattiq, o‘rgimchak to‘risimon va yumshoq pardalar. Qattiq parda kalla suyagiga yaqin joylashgan, uning tagida o‘rgimchak to‘risimon parda, undan pastda esa yumshoq parda joylashgan.
Yumshoq parda mayda qon tomirlarga boy bo‘lib, miyaga yopishib turadi. Xuddi piyoz archganda yumshoq va silliq qavat bo‘lganday. Yumshoq parda ham xuddi shunday miyaga tegib turadi. O‘rgimchak to‘risimon parda bilan yumshoq parda orasida bo‘shliq bor. Bu bo‘shliqda likvor, ya’ni miya suyuqligi oqadi. Miya pardalari va likvor markaziy asab sistemasi uchun muhim himoya vazifasini bajaradi. Bir kunda miya qorinchalarida joylashgan to‘rsimon chigallar orqali deyarli 450 ml likvor ishlab chiqariladi. Likvor har soniya tinmasdan ishlab chiqarilib va qayta so‘rilib turadi. Turli kasalliklar, ayniqsa meningit, leptomeningit va bosh miya jaroxatlarida likvor ishlab chiqarilishi kuchayib ketadi va miyaning ichki bosimi oshadi. Bolalarda esa gidrotsefaliya rivojlanadi. Bosh miya ichida suyuqlikning keskin ko‘payib ketishiga gidrotsefaliya deb aytiladi. Agar yosh bolada gidrotsefaliya rivojlansa, uning boshi kattalashib ketadi. Demak, bolaning kallasi kattalashib boraversa, unda gidrotsefaliya rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin. Buni MRT tekshiruvini o‘tkazib aniqlab olish zarur.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tibbiy psixolog. U kim?

Birinchi qismi >>>

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz