3.8
(26)

Artroz – bo‘g‘inlar yallig‘lanishi kasalligi bo‘lib, dunyo statistik ma’lumotlariga ko‘ra Er sharining 15 20 foiz aholisi ushbu darddan aziyat chekadi. Aniqlanishicha, aynan kuz-qish mavsumida artrozdan shikoyat qilganlar soni ortar ekan. Xo‘sh, buning sababi nima? Bugun shu haqida.

Mavzu bo‘yicha tibbiyot fanlari nomzodi Baxtiyor JO‘RAYEV «Darakchi» gazetasida ma’lumot berib o‘tgan. Ushbu maqolani quyida ham o‘qishingiz mumkin.

artroz

Artrozning sabablari

Artrozning yuzaga kelish sabablari turlicha:

  • gipodinamiya (kamharakatlilik), ya’ni tegishli me’yorda jismoniy og‘irlikning yo‘qligi bois mushaklarning zaiflashuvi;
  • tana vaznining ortishi tufayli bo‘g‘inlarga ortiqcha og‘irlik tushishi;
  • sun’iy dori-darmonlarni ko‘p qabul qilish;
  • noto‘g‘ri ovqatlanish;
  • shamollashni tik oyoqda o‘tkazish kabilar bo‘g‘in yallig‘lanishiga olib keladi.

Bundan tashqari, bo‘g‘inlar jarohatlanishi, moddalar almashinuvining buzilishi hamda qalqonsimon bez xastaliklari ham artrozni yuzaga keltirishi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, omillar u qadar vahimali emas. Har birimiz kundalik hayotda to‘qnash keladigan holatlar. Shunday ekan, xastalanishimizga kim aybdor?

Kasb kasalligi ham …

Bo‘g‘inlarga zo‘riqish tushadigan kasblarda faoliyat yuritadiganlar masalan, sportchi yoki raqqosalarda artroz ko‘proq kuzatiladi. Chunki ularning mehnat faoliyatlari aynan bo‘g‘inlarning o‘ta faolligini talab qiladi.

Kuz-qish mavsumida havo harorati keskin pastlaydi. Bu esa yallig‘lanish jarayonlarining yuzaga chiqishi uchun sharoit yaratadi. Shu sababli ilgari bezovta qilmagan og‘riqlar ham sovuq mavsumda avj olishi mumkin.

Qaysi bo‘g‘inlar xavfda?

Artrozda asosan yirik (tizza, chanoq-son, boldir-tovon, bilak) hamda mayda bo‘g‘inlar, xususan, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘inlari (spondiloartrit) zararlanadi. Og‘riqdan shikoyat qilgan bemorlarning aksariyati tananing pastki yarmi, tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in, tizza bo‘g‘iniga urg‘u berishgan. Qo‘llarda esa bilak va barmoq suyaklaridagi og‘riq ko‘proq tilga olinadi.

Artroz belgilari

Artroz belgisi asosan og‘riq bilan tasnif etilsada, ko‘pchilik uni oddiy shamollash, lat eyish yoki tuz yig‘ilishi bilan adashtiradi. Vaholanki, artroz «tilini» tushunish uchun og‘riq qachon yuz berayotgani va bo‘g‘in atrofi terisiga ahamiyat berish lozim. Agar sizda artroz bo‘lsa, bezovtaliklar asosan kechqurun va ertalab kuzatiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yassioyoqlik — davosiz dard emas.

Tinch holatdan keskin harakatlanganda noqulaylik tug‘iladi. Eng ko‘p uchraydigan holat esa zinadan yuqoriga ko‘tarilish. Aynan shunda bo‘g‘inlar salomatligini tahlil qilsa bo‘ladi. Qolaversa, tez-tez bo‘g‘inlar qirsillashi ham artroz alomatlariga ishora qilishi mumkin. Bo‘g‘in atrofi to‘qimalarida qizg‘ish, biroz shishgan dog‘ yuzaga kelishi esa kasallikning yaqqol belgisidir. Odatda shish usti paypaslansa issiq harorat sezilib, og‘riq beradi. Bordiyu shu holatgacha etib kelgan bo‘lsangiz, darhol shifokorga murojaat qilishingiz zarur.

Artroz kasalligi turlari

Ma’lumotlarga ko‘ra, artrozning keng tarqalgan turi tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in koksartrozi hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinda esa tizza bo‘g‘in artrozi turadi. Umurtqa pog‘onasi artrozi esa harakatni cheklab qo‘yishi evaziga jiddiy sanaladi. Qo‘l bilak va barmoqlaridagi artroz odatda u qadar ahamiyatli emasdek tuyuladi. Ammo davolanmasa, surunkali og‘riq xurujini keltirib chiqarishi mumkin.

Davolash

To‘g‘ri, xastalik nomi biroz tahlikaga soladi. Ammo o‘z vaqtida murojaat etilsa, davolash oson va samarali. Shifokor umumiy ahvolingiz, shikoyatlaringizdan kelib chiqib, rentgen tekshiruvi, qon tahlili, gistologik tahlillar o‘tkazishi mumkin. Aniqlangan xulosalarga ko‘ra zarur muolaja turi tanlanadi. Asosiysi davolangandan keyin ham sog‘ligingizni ehtiyot qiling. Og‘ir yuk ko‘tarish, tanani zo‘riqtirish, yugurush, og‘ir jismoniy mehnat qilish mumkin emas. Shu bilan birga shamollash holatlariga sergak bo‘lish lozim.

Zamonaviy muolajalar…

Bugun artrozni davolashda bir qancha muolaja usullari joriy qilingan. Xususan:

  • shifokor ko‘rsatmasi bilan yallig‘lanishga qarshi preparatlar;
  • fizioterapiya – suyaklar bo‘g‘in atrofi to‘qimalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • mikroto‘lqinli terapiya – to‘lqinlar zararlangan bo‘g‘inlarga ta’sir etadi;
  • ultrato‘lqinli terapiya – og‘riq sindromini engillashtiradi;
  • shu qatorda elektrofarez, lokal baroterapiya va metabolik terapiya usullari ham bor.

O‘QING: Suyak bo‘g‘imlarining yoshini qanday uzaytirish mumkin?