El sog‘ligi — yurt boyligi

Mavsumiy allergik rinit — tashxislash va davolash choralari ( 2-qism )

Teri sinamalari. Oddiy, og‘riqsiz va arzon tekshirish usuli hisoblanadi. Agar ular o‘z ishini yaxshi biladigan xodim tomonidan yuqori sifatli allergenlar eritmalaridan foydalanilgan holda qilinsa, sinamalar natijasi mutanosib ravishda bo‘ladi. Teridagi sinamalarni ko‘p miqdorda o‘tkazish mablag‘ va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, poliklinika amaliyotida zarur emas. O‘tkaziladigan tekshirishlar havodagi eng ko‘p tarqalgan allergenlarga sezuvchanlikni tekshirish bilan chegaralanishi kerak (junga, uy changi kanasiga, mog‘orga, uy hayvonlariga va bosh-qalar).

E immunoglobulini. Umumiy zardobdagi IgE miqdori har xil radioimmun va immunoferment usullar yordamida aniqlanadi. Meyorda IgE tug‘ilgan vaqtda 0-1 kЕd/l ni tashkil etadi va o‘smirlik yoshiga yetguncha asta-sekin ko‘payadi, keyin pasayadi hamda 20-30 yoshlarda aniq bir miqdorda qaror topadi. Umumiy IgE miqdorining 100-150 kЕd/l dan ko‘p bo‘lishi ko‘tarilgan hisoblanadi. Maxsus IgE ni aniqlash, ayniqsa teridagi sinamalar uchun allergenlar ekstraktlarini olishning iloji bo‘lmagan hollarda qo‘l keladi. Bu maqsadda dastlab radioallergosorbent test (PAST) hamda radioimmun va immunoferment usullar qo‘llaniladi.

Sitologik tekshirishlar uchun burun bo‘shlig‘idan surtmalar olish. Burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar va yuvilgan suvlarni tekshirish allergik hamda infeksion rinit orasida differensial tashhis o‘tkazishga imkon beradi. Allergik rinit va eozinofillar ko‘payishi bilan kuzatiladigan noallergik rinit uchun eozinofillar infiltratsiyasi xarakterli, bakterial infeksiyada esa neytrofillar sonining ko‘payishi xos xususiyat hisoblanadi.

Periferik qon hujayralaridan mediatorlarning ajralib chiqishi. Maxsus allergenlar ta’siri ostida qondagi bazofillarning buzilishi yallig‘lanish mediatorlari ajralib chiqishi bilan (gistamin, leykotriyenlar) yuz beradi. Mikroskop yordamida bu mediatorlarning bazofillardan ajralib chiqishini baholash mumkin, ammo bu usuldan faqat ilmiy maqsadlarda foydalaniladi.

Allergik reaksiyalar vaqtida mediatorlarning ajralib chiqishi. Qon, burun oqmalari yoki siydikdagi mediatorlar va fermentlar miqdorini o‘ta maxsus hamda sezgir usullar – gistamin, prostaglandin, leykotriyenlar C4, I4, E4, triptazalar, kininlar, eozinofil kation oqsillarini titrlash yo‘li bilan tekshirish mumkin. Bu moddalarning dastlabki asos qilib olingan miqdorlari hamda allergen ta’sir qilgandan keyingi miqdorlari aniqlanishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu usul faqat tadqiqot maqsadlarida qo‘llaniladi.

Prvokatsion usullar. Burun ichiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatuvchi usul muayyan ahamiyatga ega bo‘lib, faqat klinik allergologiyadan maxsus ixtisos olgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Otorinolaringologik tekshirishlar endoskopiya, shilliq ajratib chiqarish ishini, hid sezishni tekshirish, burun yo‘llarining o‘tkazuvchanligini baholash tashhis qo‘yish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.

Burun oldi bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish. Burun oldi bo‘shliqlarining g‘ovaklanish bo‘shliqlari bo‘lishini ancha pasayganini, shilliq qavatning qalinlashganini va hatto yuqori jag‘, peshona va ponasimon bo‘shliqlar devoridagi buzilishlarni aniqlash mumkin. Oddiy rentgenografiyada burun bo‘shlig‘ining yon devorlari va g‘alvirsimon chig‘anoq tuzilishining yaxshi ko‘rinmasligi yolg‘on manfiy va musbat natijalarga olib kelishi mumkin.

Kompyuterli tomografiya (KT). KT hozirgi vaqtda turli burun va burun oldi bo‘shliqlari kasalliklarini tashhislashda asosiy rentgenologik usul bo‘lib qoldi. Garchi boshqa kasalliklarning yo‘qligini aniqlashga imkon bersa ham, allergiya tashhisida esa u hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. KT yordamida yumshoq to‘qima va suyak tuzilishi holatlarini birma-bir sinchiklab o‘rganish mumkin. Patologik jarayonning qanchalik tarqalganligini aniqlash hamda aniq belgilari bo‘lgan taqdirdagina tashhis qo‘yish mumkin. Suyak tuzilishi yoki yumshoq to‘qima holati haqida ko‘proq ma’lumotlar olishga imkon beruvchi turli tekshirish usullari mavjud.

Allergik rinitni davolash usullari

Allergenlarni yo‘q qilish va atrof-muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar. Rivojlangan mamlakatlarda kishilar ko‘p vaqtlarini xonalarda, ish joylarida o‘tkazadilar. Atrofni o‘rab turgan muhit esa doim turli allergenlarni o‘z ichida saqlaydi, ular o‘z navbatida rinit rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘ttiz yil ichida ko‘pchilik mamlakatlarda tashqi muhitdagi, binolardagi allergen va noallergen komponentlar tarkibi ancha o‘zgardi, allergik kasalliklar bilan kasallanish xavfi ortdi. O‘rta iqlimli mamlakatlarda elektr kuchini tejashga intilish, havoni yangilash uchun xonani shamollatish noqulay bo‘lgan uylarning qurilishi natijasida xonalarda uy kanalari soni ko‘pa-yib ketadi. Har qanday holatda (garchi allergenlarni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham) iloji boricha xonalarda o‘rab turuvchi muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Ushbu chora-tadbirlar bemor ahvolini ancha yaxshilash va dori moddalar qo‘llash zaruriyatini kamaytirishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, allergen manbai yo‘qotilgach (masalan, uy hayvonlari), bir necha hafta yoki oy o‘tgandan keyingina buning samarasini ko‘rish mumkin. Uy changidagi kanalarni yo‘q qilish uchun xona havosining namligini kamaytirish, akaritsidlar hamda himoya qoplamidan foydalanish mumkin. O‘simlik changi va xonada uchramaydigan boshqa allergenlar ta’sirini kamaytirish ancha qi-yinchilik tug‘diradi.

O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari

  • O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
  • havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
  • deraza va eshiklarni zich yopish
  • avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
  • tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.

Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari

Yotoqxona:

  • to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
  • to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
  • par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
  • har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
  • paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
  • bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
  • tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
  • kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
  • mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.

Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.

Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.

Maqolaning ilk qismi: Mavsumiy allergik rinit — alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

© Ozod NAZAROV, allergologprofessor.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

 

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Savollar

  1. Abdurashid

    Assalomu Alaykum sizlarga savolim bor edi Allergiyani davolashni iloji bormi burun kichishi aksirish burn bitiyapti bosh og’rishi tomoq kichishi asasnoy kechqurun boshlayapti asosnoy unga allergiya berayapti shifohonada davolanishga sharoyitimiz bo’mayapti vrachga borgandim 5 kunlik lechenya yozdi (Deksametzon kalsiy gulkanat eyfullin)shularni oldim foydasi bo’lmadi iltimos silardan yordam beringlar oldindan katta raxmat

    • Avitsenna.uz jamoasi

      Sizda yuzaga kelayotgan holatlarning sababi allergiya bo’lganida shifokor tomonidan tavsiya qilingan muolaja yordam qilgan bo’lardi.
      Yoki siz uy sharoitida tegishli qoidalarga amal qilmagansiz, dorilarni qabul qilish muddatlarida tafovut bo’lgan.
      Bundan tashqari siz ta’sirini sezmaganingizga sabab allergen (allergiya qo’zg’ovchi) aynan uyingizdagi havodaligida ham bo’lishi mumkin.
      Ko’pincha bemorlarda ijobiy o’zgarishlar sekin kuzatilganligi uchun ba’zida o’zgarishlarni payqashmaydi ham, balki shu sababdan ham ta’sirini sezmadim deyayotgan bo’lishingiz mumkin.

      Tavsiyamiz, shifoxonada yotib davolaning. Muhitni alishtiring.

  2. Abdul Hamid

    Assalomu aleykum,

    Mavsumiy allergik rinitni davolay oladigan yaxshi allergolog vrach kerak. Loratadin, loranex digan dorila yozib berishudi, battar qichishtirib tashadi burun va tomoqni. Burun bitib, keyin ketma ket aksirish, burundan suv kelish, oxirida qizil qon-aelga oxshash ajratma kevoti kop aksirgandan keyin. Zodak digan dori bilan zo’rg’a kamaytirib turibman tomoq va burun qichishishini. Yaxshilab tekshirib, kereli davolash usulini qo’llay oladigan allergolog kerak.

    Toshkentdagi repsublika allergiya markazi va yangi toshmiga yaqin joyda joylashkanmiz. Tavsiya etkan vrachingizni kontaktlarini ham yozib yuborsela xursand bolardik.

    Oldindan rahmat

  3. Elish

    Assalomu alaykum, avvalo saytga minnatdorchilik bildiraman kuzatib boraman qisqasi ajoyib. Saytga omad tilab qolaman…
    Men yuqorida ko‘rsatilgan ma‘qolani o‘qib menda ham allergik renit bor degan xulosaga keldim, chunki menda burun bitishi kuzatildi ancha vaqtgacha keyin esa ko‘zda ham qichishish paydo bo‘ldi. Vaqt o‘tgach ko‘z shishishi paydo bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng shishish ozgina qaytdi lekin burun bitishi kuchaygan. Burun bitib nafas umuman olib bo‘lmaydi. Men ushbu maqolani o‘qugunimcha gaymarit deb o‘ylagandim va naftizindan foydalanayabman dorini ta‘siri 2soatdan ziyot ta‘sir etmayapti. Ikki soatdan (taxminan) yana bitish paydo bo‘ladi. Kechqurun bitish oqibatida og‘iz bilan nafas olganim uchun tamoqda qichishish paydo bo‘ldi. Dastavval shamollash asorati deb o‘ylaganman. Birinchi marta o‘tgan yili faqat bir kun uch soatlar orasida paydo bo‘lgandi va men burun tomizgich yordamida qutilganman. Shundan so‘ng rosa bir yildan keyin takrorlanayapti va uzoq vaqtga. Taxminan uch xaftalar atrofida balki kamroqdur aniq necha kun bo‘lganini bilmadim. Men hozir chet eldaman shuni ta‘siri bo‘lishi mumkun deb o‘yladim. Uy sharoitida vaqtinchalik bo‘lsa ham davolash usuli bormi bor bo‘lsa maslahat bersangiz. Hozir faqat Naftizin burun tomizgichidan foydalanayapman. Javob uchun oldindan rahmat!!!

  4. Madina

    Mani bolam 6 oylik hozir unda huddi shomollashaga ohshash bolib burni oqib kozi yoshlanvotti alergolkga obordim allergiya timusdan didi allergolok allergiya korinishi huddi shomollashga ohshagan boladimi

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.