Sil kasalligiga chalinganlarga qanday ishlar taqiqlangan?

«Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida

«O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ularni, albatta, bakterioskopik tekshiruvdan, shuningdek. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi», deb belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qoidadan kelib chiqilib, Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 5 martda 2566-ro‘yxat raqami bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining «Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini tasdiq-lash to‘g‘risida»-gi 2014 yil 4 fevraldagi 38-son buyrug‘i ro‘yxatga olindi.

Mazkur qonun hujjatining maqsadi aholining sil kasalligidan muhofaza qilinishiga qaratilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining yuqoridagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxatda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar turi, bu ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar va bu kasblarning milliy standart klassifikatorida belgilangan kasb kodlari ko‘rsatilgan.

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar Ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
Davolash—profilaktika muassasalarida (tug‘ruqxonalar, tug‘ruq, chaqaloqlar patologiya va chala tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limlarida) chaqaloqlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan akusherka, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar;
Bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha davolash—profilaktika muassasalari, shu jumladan bolalarga mo‘ljallangan sog‘lomlashtirish, jismoniy rivojlantirish, sihatgoh va reabilitatsiya maskanlarida, profilaktoriyalarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar;
Maktabgacha ta’lim muassasalarida (bog‘cha-yasli va bog‘chalar, bolalar uylari) bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar;
Maktabgacha yoshdagi bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’lim va sport muassasalarida, shuningdek, ushbu maqsadlarda tashkil etilgan to‘garaklarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka — boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchi, to‘garak rahbarlari, o‘qituvchilar, logoped, o‘qituvchi-logoped.

Yuqoridagi ishlarda ishlayotgan xodimlar belgilangan muddatlarda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart bo‘lib, ular tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra sil kasalligiga chalinmagan deb topilgan taqdirdagina, o‘z ishlarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  OIV va sil kasalligi qo‘shilib kelgan holatlar

Demak, yuqoridagi kasbdagi ish o‘rniga qabul qilinayotganlar ish beruvchi tomonidan sil kasalligi bor, yo‘qligini aniqlanishi uchun belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart. Ularda sil kasalligi aniqlanmagan taqdirdagina ishga qabul qilinishlari mumkin bo‘ladi. Sil kasalligi aniqlangan nomzodlar bu lavozimlarga ishga qabul qilinishi mumkin emas.

Ishlayotgan xodimlarda sil kasalligi aniqlanganda ular zudlik bilan vazifalarini bajarishdan chetlashtirilishi va mehnat shartnomasi bekor qilinishi lozim bo‘ladi.

Atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning, keyinchalik tuzalishidan qat’i nazar «Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxati»da nazarda tutilgan ishlarni bajarishiga ruxsat etilmaydi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, amaldagi Mehnat kodeksining «Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish» deb nomlangan 100-moddasining 2-qismi 2-bandiga asosan ish beruvchi o‘z tashabbusiga ko‘ra xodimning sog‘ligi holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga muvofiq mansabdor shaxs tomonidan yuqoridagi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatining buzilishi ma’muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan ishga qabul qilingan xodim ishi bilan bog‘liq tarzda sil kasalligini atrofidagi boshqa shaxslarga yuqtirgan hollarda yuz bergan hollatning huquqiy oqibatiga qarab ish beruvchi (o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yohud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa) Jinoyat kodeksining 207 — moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ish beruvchi o‘zining aybi bilan sil kasalligini yuqtirib olgan fuqarolarga ko‘rgan moddiy zararlari (masalan, davolanish harajatlari)ni qoplashi lozim bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ko‘z sili kasalligi: tasnif, tashxis va davo

© A. Abdukarimov, huquqshunos.
Silning-davosi-bor.uz

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close